Facebook’da “Yekaterina Starinkova” ismli foydalanuvchi 13-fevral, payshanba kuni, Mirzo Ulug‘bek tumani Darxon ko‘chasida ichida 10 oylik bolasini bolalar aravachasida sayr qildirayotganida, taxminan 25—30 yoshli noma’lum shaxs uning yelkasiga urganligi haqida xabar e’lon qildi.

Foto: Instagram/@valdemarios

IIBB matbuot xizmatining xabar berishicha, holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB xodimlari tekshiruv o‘tkazgan.

Tekshiruv natijalaridan aniqlanishicha, haqiqatan ham, voqea 2020-yil 13-fevral kuni kunduzi Mirzo Ulug‘bek tumani Darxon ko‘chasida ro‘y bergan. Yosh yigit hech qanday sababsiz 34 yoshli Ye.Z.ning yelkasiga urgan.

Yigitning shaxsi aniqlanib, u 34 yoshli F.A. ekanligi, shuningdek, u tungi vaqtda sababsiz avtomobillar ustiga chiqib sakrashi, eshiklarni tepishi ma’lum bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek IIO FMB ichki ishlar bo‘limi xodimlari F.A. haqida shahar klinik psixiatriya shifoxonasiga xabar bergan, hozirda F.A. o‘sha yerda.