Eronda koronavirus bilan kasallanish holatlari soni 60 taga yetdi. Bu haqda Eron sog‘liqni saqlash va tibbiy ta’lim vaziri o‘rinbosari Iraj Xarirchi xabar berdi, deb yozmqoda “TASS”.

Foto: Al Arabiya

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, tahlillari ijobiy natija bergan kishilar soni 61 kishini tashkil qilgan. Kasallikdan vafot etganlar soni esa 12 kishiga yetgan.

Shu bilan birga, Eron parlamentining Qum viloyatidan saylangan deputati Ahmad Amirobodiy Farahoniy rasmiy ma’lumotlarni shubha ostiga olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 23-fevral kuni kechki payt holatiga ko‘ra, koronavirus qurbonlari soni 50 kishiga yetgan. Biroq deputat mazkur ma’lumoning manbasini ko‘rsatmagan hamda mazkur virus Qum viloyatiga uch hafta avval kirib kelganini ta’kidlagan.

Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha birinchi holat haqida 19-fevral, chorshanba kuni, ma’lum qilgan. Kasallanganlar Qum shahrida qayd etilgan.

Eron koronavirus qurbonlari soni bo‘yicha Xitoydan so‘ng ikkinchi mamlakatga aylandi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Facebook’dagi sahifasida Eronda koronavirus infeksiyasi tarqalgani sabab Armaniston Eron bilan chegarani yopib, aviaqatnovlarni ikki haftaga to‘xtatganini ma’lum qilgan. Turkiya hukumati ham xuddi shunday choralar ko‘rishini ma’lum qilganAfg‘oniston va Gruziya Eron bilan aviaqatnovlarni to‘xtatgan, Pokiston esa Eron bilan chegarani vaqtincha yopgan.

Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyda koronavirus infeksiyasidan vafot etganlar soni bir sutkada 150 kishiga ko‘payib, qurbonlarning umumiy soni 2592 kishiga yetdi. Kasallikdan davolanib, shifoxonani tark etganlar soni esa 24 734 kishiga yetgan. Bundan tashqari, xitoylik olimlar koronavirus kasallik alomatlari paydo bo‘lishidan ikki kun avval yuqishi mumkinligini ham aniqladi.