AQShning Tesla avtomobil ishlab chiqaruvchisining Panasonic bilan tashkil qilingan qo‘shma korxonasida dastlabki daromadni olgani e’lon qilishi ortidan avtomobil ishlab chiqaruvchining narxi bir kunda 19,89 foizga oshdi. Bu haqda Nasdaq birjasi ko‘rsatkichlaridan ma’lum bo‘ldi.

Foto: AP

Birja savdolari davomida kompaniyaning bir dona aksiyasi narxi 780 dollarga ko‘tarilib, kompaniyaning kapitalizatiya qiymati 140,5 milliard dollarga yetdi. Bu Tesla kompaniyasining 2013-yil may oyidan beri rekord darajadagi eng yuqori kunlik o‘sishi bo‘ldi.

Hozirgi ko‘tarilish 2019-yil may oyida, aksiyalar narxi 185 dollarga tushganda boshlangan. Dekabr oyi boshida o‘sish sezilarli darajada tezlashdi va yanvar oyida Tesla’ning qiymati 100 milliard dollardan ko‘proqni tashkil etdi.

Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha kompaniya General Motors va Ford kabi kompaniyalarning birgalikdagi umumiy qiymatini ortda qoldirdi. Mazkur ikki kompaniya eng ko‘p avtomobil ishlab chiqaradi va tarixdagi eng qimmat avtomobil ishlab chiqaruvchisiga aylangan.

Bir hafta oldin Tesla 2019-yildagi sof yo‘qotishi 12 foizga, daromadi esa 14,5 foizga o‘sganini hamda avtomobil yetkazib berish bo‘yicha o‘z rekordi haqida xabar bergandi. Dastlab Tesla Xitoyda AQShdan tashqaridagi birinchi zavodini ochgan bo‘lib, u istiqbolli mahalliy bozorga avtomobil yetkazib berishni jiddiy ravishda oshirishga xizmat qilishi kerak.

Tesla va Panasonic ishtirokidagi qo‘shma korxona akkumulyatorlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Avvalgi yillarda mazkur korxona ishlab chiqarish muammolari sababli zarar ko‘rib ishlagan.

Tesla 2020-yilda yarim milliondan ortiq avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, tahlilchilar Tesla holatining barqarorlashishi va bir yildan kam vaqt ichida aksiyalarning uch baravar qimmatlashishi kompaniyaning qarz muammosini hal etmasligini ta’kidlamoqda, dekabr oyi oxirida kompaniyaning qarzi 13,42 milliard dollarni tashkil etgan.