Qozog‘istonda koronavirus sabab Xitoy fuqarolariga viza rasmiylashtirish tartibini qiyinlashtirdi. Endilikda xitoyliklar sog‘lig‘i to‘g‘risidagi ma’lumotnomani ham taqdim etishlari lozim. Bu haqda Qozog‘iston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Shuhrat Nurishyevga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Depositphotos

Xitoy Sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus sabab yuzga kelgan pnevmoniya bilan kasallanganlar soni 4 515 kishiga yetgan, ularning 106 nafari vafot etgan. Koronavirus Xitoydan tashqari Gonkong, Makao, Tayvan, Tailand, Yaponiya, Janubiy Koreya, AQSh, Kanada, Vyetnam, Singapur, Nepal, Fransiya, Avstraliya, Malayziya va Germaniyada ham qayd etilgan.

“Bizning Xitoydagi elchixonamiz, bosh konsulligimiz hozirda xitoyliklar uchun viza rasmiylashtirish tartibini kuchaytirgan”, — deydi Nurishev.

Shuningdek, uning ma’lum qilishicha, Xitoy fuqarolari uchun aeroportga kelganida elektron viza rasmiylashtirishni to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Xitoyning Uxan shahri koronavirus o‘chog‘i hisoblanadi, bu va yana bir necha shahar karantinga yopilgan. Avvalroq Xitoy rahbari Si Szinpin koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni murakkab deb atab, kasallikning tarqalish sur’ati oshganini tan olgan edi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Uxandagi o‘zbekistonlik talabalar “albatta olib kelinishi”, bu borada Xitoy rasmiylari bilan ish olib borilayotganini ma’lum qilgan edi. 26-yanvar kuni esa Xitoyda tahsil olayotgan o‘zbekistonliklarning birinchi guruhi qaytarilgani ma’lum bo‘ldi, ular Toshkent aeroportining o‘zida jiddiy tekshiruvdan o‘tkazilgan.