Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Piskent tumanida joylashgan Nature Cotton MChJ ishchi-xodimlariga oylik maosh bermayotganligi yuzasidan xabar tarqalgan edi. Mehnat vazirligi matbuot xizmati Davlat mehnat inspeksiyasi vakillari tomonidan mazkur vaziyat o‘rganib chiqilganini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Aniqlanishicha, ish beruvchi qo‘lostidagi xodimlarning bir guruhi (2019-yilning dekabr oyida 28 nafar ishchi-xodim, joriy yilning yanvarida esa 13 nafar ishchi-xodim)ga o‘z arizalariga ko‘ra oylik maoshi saqlanmagan holda Mehnat kodeksining 150-moddasi asosida mehnat ta’tillari bergan.

Shuningdek 2019-yilning 15-dekabrida Ohangaron shahridagi IIV JIEBB (Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi) koloniyasi bilan jami 100 nafar ishchi kuchini xizmat ko‘rsatish ishlariga jalb qilish yuzasidan shartnoma tuzilgan va shu asosda MChJga ishchi kuchi jalb etilgan.

Mazkur vaziyat o‘rganilib, ishchilar, M.X., U.Yu., B.M., A.Sh.ga oylik ish haqlari undirib berilgan.

Qayd etilishicha, MChJ rahbariga boshqa xodimlarning ham ish haqlarini to‘lab berish va keyinchalik qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida yozma ko‘rsatma kiritildi. Shuningdek unga nisbatan ishchilarning ish haqlarini o‘z vaqtida to‘lab bermagani sababli ma’muriy jarimaga tortish choralari ko‘rilmoqda.