Ijtimoiy tarmoqlarda prokuratura organi xodimlari ommaviy tarzda “Huquq” va “Xalq so‘zi” gazetalariga majburiy obuna qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot kotibi Farruh Toshpo‘latov ushbu xabarlar yuzasidan izoh berdi, deb yozadi “Xabar.uz”.

Foto: “Daryo”

Har bir prokuratura organlari xodimlari o‘z faoliyatining targ‘ibotchisi bo‘lgan Bosh prokuratura muassisligidagi ‘Huquq’ gazetasining o‘quvchisi hisoblanadi. Mazkur nashr jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi yangiliklar, qonunchilikdagi o‘zgarishlar, soha faoliyatida qabul qilinayotgan normativ huquqiy hujjatlar mazmuni, tizimda oshirilayotgan ishlar hamda boshqa yangiliklardan xabardor qilib turuvchi asosiy gazetalardan biri hisoblandi.

O‘z navbatida, ‘Xalq so‘zi’ va ‘Narodnoye slovo’ gazetalari ham ijtimoiy-siyosiy va qonunchilikdagi yangiliklar, yurtimizda hayoti va jahonda sodir bo‘layotgan yangiliklardan birinchilardan bo‘lib kunlik axborot yetkazuvchi matbuot nashridir.

Prokuratura, jumladan, Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan xodimlarning ushbu nashrlarga uyushqoqlik bilan, ammo ixtiyoriy ravishda obuna bo‘lishi yuzasidan tegishli ko‘rsatma berilgani bor gap. Biroq ko‘rsatmada asosiy e’tibor aholi va iste’molchilar bilan kunlik muloqotda bo‘lish jarayonida, jamiyat hayotidagi yangiliklar va qonunchilikdagi o‘zgarishlardan xabardor bo‘lishi hamda huquqiy bilimlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan. Obunani tashkil etishda mavjud xodimlar soni emas, balki ehtiyoj inobatga olingan.

Xodimlarning ehtiyoji va xohishiga qarab 1 ta gazeta nashriga yillik, yarim yillik va oylik obuna bo‘lishi yoki 2-3 nafar xodimning 1 ta gazeta nashriga obuna bo‘lishi uchun ham imkoniyat yaratilgan.

Tashkil etish ishlarida majburiy yoki boshqacha tarzda obuna bo‘lish hollariga yo‘l qo‘yilmagan.

Farruh Toshpo‘latov, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot kotibi