Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 24—26-mart kunlari BAAga va 17—20-dekabr kunlari Yaponiyaga tashriflar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tashriflar davomida BAA bilan qiymati 10 milliard dollardan ortiq, Yaponiya bilan esa 6 milliard dollardan ziyod qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan edi. Yig‘ilishda BAA kompaniyalari bilan erishilgan kelishuvlar natija berayotgani ta’kidlangan.

Prezident matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, BAA ishtirokida 1 milliard dollarlik kapitalga ega The Abu Dhabi Uzbek Fund investitsiya fondi tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunga kelib ushbu jamg‘arma mablag‘lari hisobidan Toshkentdagi Hyatt Regency mehmonxonasi xususiylashtirilishini moliyalashtirish ma’qullangan.

Foto: “Gazeta.uz”

Ma’lumot uchun, Toshkentdagi Hyatt Regency mehmonxonasi qurilishi 2012-yilda boshlanib, 2016-yil iyunida foydalanishga topshirilgan. O‘shanda qurilish qiymati 205 million dollarni tashkil etgani haqida xabar berilgan edi.

Mehmonxona qurib bitkazilishi uchun 2015-yilda Xalq banki Jamg‘arib boriluvchi Pensiya tizimi mablag‘lari hisobidan besh yil muddatga yillik stavkasi 10 foiz bo‘lgan 100 milliard so‘m (o‘sha vaqt kursi bo‘yicha 37,9 million dollar) ajratgan edi.