O‘zbekistonda mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab milliy davlatchilikni tiklash, davlat tuzilmalarini tashkil etish hamda sud-huquq tizimini isloh qilishga kirishilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati eslatmoqda.
Bunda asosiy e’tibor huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, jumladan, prokuratura organlarini sobiq Ittifoq bo‘ysunuvidan chiqarib, O‘zbekistonning milliy davlat organlari sifatida qayta tashkil etishga qaratilgan.
Bu sa’y-harakatlar natijasida 1992-yil 8-yanvarda O‘zbekiston Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi hamda sobiq Ittifoq qaramog‘idagi O‘zbekiston SSR prokuraturasi mustaqil O‘zbekiston prokuraturasiga aylantirildi.
O‘tgan davrda prokuratura organlarining faoliyati islohotlarga hamohang tarzda takomillashtirib borildi.Shavkat Mirziyoyev boshchiligida taraqqiyotning yangi bosqichida jamiyatda adolatni qaror toptirish, qonuniylikni mustahkamlash hamda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
So‘nggi uch yilda prokuratura organlari faoliyati bilan bog‘liq 20 ga yaqin qonun, farmon, qaror va farmoyishning qabul qilindi.
Xususan, Prezident tomonidan 2016-yil 19-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Ushbu hujjat Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatida imzolagan birinchi qonundir.
Prokuratura organlari xodimlarining kasbiy bayrami sifatida belgilangan kun prokuratura organlarida xizmat qiladigan barcha xodimlar, jumladan, faxriylari qalbidagi orzu-umidlar ro‘yobga chiqqan qutlug‘ sanadir.
Prokuratura organlari tomonidan jamiyatda qonuniylikni mustahkamlash, qonun ustuvorligini ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, umuman, barcha yo‘nalishlarda salmoqli ishlar qilinmoqda va muhim natijalarga erishilmoqda.
Bugun prokuratura organlari xodimlari zimmalariga yuklatilgan har qanday vazifani bajarishga sadoqat va yuksak mas’uliyat bilan yondashmoqda.
Birgina 2019-yil davomida qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash maqsadida 77 mingga yaqin prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan, 134 ming nafar fuqaroning huquqlari tiklangan.
20 mingdan ortiq noqonuniy hujjatlar prokurorlarning protestlari asosida qonunga muvofiqlashtirilgan, tegishli idoralarga 16 mingga yaqin taqdimnomalar kiritilgan.
Qonun talablarini buzgan 40 mingga yaqin shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan, qo‘pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 1709 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Prokuror tekshirishlari va jinoyat ishlari tergovi davomida jami 2 trillion 300 milliard so‘mdan ortiq zararning qoplanishi ta’minlangan.
“Prokuratura organlari xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklab, har bir xodim Prezident ta’kidlaganidek, oliyjanob xalqimizning haqiqiy himoyachisi, adolat va qonuniylik posboni bo‘lib, faqat va faqat xalq manfaati yo‘lida og‘ishmay xizmat qilishida muvafaqqiyatlar tilab qolamiz”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)