Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevroittifoq mamlakatlarini Rossiyaga qarshi sanksiyalar bosimini davom ettirishga chaqirdi. Mazkur bayonot Zelenskiy tomonidan Yevropa kengashining prezidenti Sharl Mishel bilan telefon orqali bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida qilingan. Bu haqda Ukraina prezidentining rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Ukraina prezidenti Yevropa mamlakatlarining Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va uning hududiy yaxlitligi masalasidagi birligi o‘zgarishsiz qolishiga umid bildirgan. Shuningdek, Zelenskiyning umid qilishicha, Minsk shartnomasi to‘liq bajarilmaguncha va Ukraina hududi 2014-yildagi chegaralargacha qayta tiklanmaguncha, Rossiyaga qarshi sanksiyalar bekor qilinmaydi.
Ikki siyosatchining muloqoti 15—16-dekabr kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan Yevropa kengashi yig‘ilishi arafasida bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Yevroittifoqning a’zo mamlakatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirishning maqsadga muvofiqligini muhokama qiladi.