Fransiya imperatori va lashkarboshisi Napoleon Bonapartning bir juft etigi 29-noyabr kuni Parijdagi auksionda 117 ming yevroga (128,8 ming AQSh dollari) sotildi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.

Foto: Drouot

Etik dastlab 50—80 ming yevroga (55—88 ming dollar) baholanayotgandi.

Drouot auksioni xabariga ko‘ra, Napoleon ushbu etiklarni Muqaddas Yelena oroliga surgun qilingan vaqtida kiyib yurgan. Napoleonga hamrohlik qilgan general Anri Bertran keyinchalik etikni haykaltarosh Karlo Marokettiga sovg‘a qilgan. Haykaltaroshning o‘g‘li uni senator Pol Le Ruga bergan va qolgan vaqt davomida ushbu tarixiy etik siyosatchi oilasining mulki bo‘lgan.

Etik 40-o‘lchamda, qo‘njining uzunligi 48 santimetrni tashkil etadi. Ularda Monmartr ko‘chasida ustaxonasi bo‘lgan Parijdagi eng mashhur etikdo‘z Jakaning tamg‘asi bosilgan. Napoleon Jakaga sayr uchun etiklarni tez-tez buyurtma qilib turgan. O‘sha vaqtda imperator bir juft etik uchun 80 frank to‘lagan.

Foto: Drouot

Foto: Drouot

Foto: Drouot