Prokuratura organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, sayyor qabullar o‘tkazilib, fuqarolar bilan ochiq muloqotni kengaytirish, ularning muammolarini hal etishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘tkazilayotgan qabullarda fuqarolarning bir necha yillardan buyon o‘zining yechimini topmayotgan muammo va takliflarini joyida hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 27-noyabrida Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev tomonidan Toshkent viloyatida sayyor qabul o‘tkazilib, jami 33 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilindi.
Murojaatlarning 10 tasi sud masalalari, 12 tasi prokuratura va 3 tasi ichki ishlar organlari faoliyatlariga hamda 8 tasi boshqa masalalarga oid bo‘ldi. Ularning 5 tasi joyida hal etilib, qanoatlantirildi.
Shuningdek, Piskent tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisining turmush sharoiti o‘rganilib, fuqarolarning suyultirilgan gaz, elektr energiyasi, ichki ko‘chalar ta’mirlanishi bilan bog‘lik murojaatlari joyida hal etildi. Shu mahalladagi kam ta’minlangan oila vakillari holidan xabar olindi.
O‘rta Chirchiq tumani, “Yuqoriovu”l mahalla fuqarolar yig‘ini, Yangiko‘prik ko‘chasining 1200 metr ichki yo‘llariga shag‘al yotqizib berilishi ta’minlandi.
Qabulda olingan murojaatlarning qonuniy hal etilishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.
Izoh (0)