Toshkentdagi International Hotel Tashkent mehmonxonasida Qozog‘iston tibbiyoti kunlari ochildi, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.
Ushbu tadbir O‘zbekistonda Qozog‘iston yili doirasida tashkil etilmoqdi. Unda Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri, tibbiyot fanlari doktori Yeljan Birtanov boshchiligidagi delegatsiya ham qatnashmoqda.
Joriy yilning avgust oyida Qozog‘iston delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurib, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda birlamchi tibbiy yordam, majburiy tibbiy sug‘urta, tibbiy yordamni raqamlashtirish va tibbiy turizmni rivojlantirish masalalari keng muhokama qilindi. Shuningdek, ushbu muloqotda joriy yil noyabr oyida O‘zbekistonda Qozog‘iston yili doirasida Qozog‘iston tibbiyot kunlarini o‘tkazishga kelishib olingan edi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik yil sayin rivojlanib bormoqda. Xususan, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish borasida muayyan kelishuvlarga erishildi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi “O‘zbek farmatsevtika mahsulotlarini Qozog‘istonda “in-bulk” tamoyili asosida ishlab chiqarish” loyihasini ishlab chiqmoqda. Shuningdek, mamlakatdagi “Dentafill plyus” xususiy korxonasi Qozog‘istonning “Antustik” industrial iqtisodiy zonasi ma’muriyati bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi.
Har yili hamkorlikda tibbiyot sohasidagi oliy o‘quv yurtlari shifokorlari va talabalari uchun bir qator dasturlar ham amalga oshirilmoqda. Tibbiyotning yuqori malakali mutaxassislari ishtirokida tajriba almashish doirasida o‘zaro o‘quv safarlari tashkil etilyapti.
Qozog‘iston tibbiyot kunlari doirasida ushbu mamlakat delegatsiyasining sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi qiziqarli taqdimotlari bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur delegatsiya tarkibiga neyroxirurgiya, bolalar kardiojarrohligi, ginekologiya, nevrologiya, reproduktologiya, urologiya, travmatologiya va ortopediya, terapiya va hujayra texnologiyasi, yadroviy tibbiyot va radiatsiya diagnostikasi, buyrak va jigar transplantatsiyasi kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar, shuningdek, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari hamda farmatsevtika kompaniyalari rahbarlari tashrif buyurgan.
Tadbir doirasidagi bo‘lib o‘tadigan sessiyalar davomida ikki mamlakat mutaxassislari tibbiyotning turli sohalarida yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy xizmatlarni joriy etish, bu borada zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish va dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari sifatini yaxshilash masalalarini atroflicha muhokama qiladi.
Har ikki davlatning tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, ilmiy va ixtisoslashgan tibbiyot markazlari o‘rtasida qator memorandumlarni imzolash marosimi ushbu tadbirning muhim voqealaridan biri bo‘lishi shubhasiz. Ushbu hamkorlik kelgusida shifokor va talabalarning o‘zaro tajriba almashishi, tibbiyot sohasida diagnostika va davolashning innovatsion usullarini joriy etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga yordam beradi.
Qozog‘iston tibbiyoti kunlari doirasida delegatsiya a’zolari mamlakatdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida bo‘lib, o‘quv jarayoni, respublikada kasalliklarning oldini olish, tashxislash va davolashning zamonaviy innovatsion usullarning qo‘llanilishi bilan yaqin tanishishi ham rejalashtirilgan.
Qozog‘iston tibbiyoti kunlari 22-noyabrga qadar davom etadi.
Izoh (0)