Hindiston fuqarosi 20 yil davomida har kuni tuproq iste’mol qilgan va bundan hech qanday zarar ko‘rmagan. Uning noodatiy dietasi haqida Newsflare xabar bergan.

Foto: “Korrespondent.net”

Hindistonlik Nukala Koteshvara Rao mamlakatning Andxra-Pradesh shtatida istiqomat qiladi. U 28 yoshidan tuproq yeyishni boshlagan.

Bugungi kunga kelib erkak kuniga bir kilogramm atrofida tuproq iste’mol qiladi. Ba’zida kun davomida boshqa ovqatlardan voz kechib faqat tuproq yeyish bilan cheklanadi.

Nukala Koteshvara Rao ushbu dietani 20 yildan beri amalga oshirib keladi va o‘tgan vaqt davomida uning sog‘lig‘ida salbiy o‘zgarishlar kuzatilmagan.

Tuproq yeyish fanda geofagiya deb ataladi va dunyoning eng qashshoq mamlakatlari Gabon, Kamerun, Akvatorial Gvineya va Indoneziyadagi fuqarolarda ko‘p uchraydi.

Avval Hindistonda bir erkakning 50 ta tuxum yeyman deb garov o‘ynab 41-tuxumni yeganidan keyin vafot etgani, boshqa bir erkakning esa ochdan o‘lmaslik uchun atayin qonunbuzarlik qilib qamoqqa kirgani, yana bir hindistonlikning esa qurilishda uxlab qolishi oqibatida tonnalab tuproq bilan ko‘milgani va halok bo‘lgani xabar qilingan edi.