Hindistonda “Al-Qoida” terrorchilik tashkiloti yetakchisi sharafiga Ben Laden laqabini olgan qotil-fil vafot etdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Hindustan Times

NDTV telekanali xabariga ko‘ra, quturgan fil oktabr oyida qishloqlarning biriga hujum qilgan va besh nafar odamni yanchib o‘ldirgan. Fil bir oy davomida qishloq aholisini qo‘rquv ostida ushlab turgan, odamlar “Ben Laden” tufayli uylaridan chiqishga ham cho‘chigan. Filni tutish ishlari hafta boshida 11-noyabr kuni o‘tkazildi. Qo‘lga tushgan hayvon Milliy parkga olib kelindi va u yerda qo‘lga o‘rgatila boshlandi.

Hindustan Times gazetasining yozishicha, ‘Ben Laden’ Assam shtatidagi Orang milliy parkida vafot etgan. Okrug aholisi jonivorning ozodlikka chiqarilishiga qarshi bo‘lgan: ular qotil filning yana o‘z “hunar”larini boshlashidan qo‘rqqan.

“Fil yakshanba kuni tongda o‘lik holda topildi. U kecha tunga qadar o‘zini yaxshi his qilayotgandi. Jonivorning nimadan o‘lgani tanasi yorib ko‘rilgach ma’lum bo‘ladi”, — deya intervyu bergan milliy park xodimi.

Fil qo‘lga tushirilganidan keyin unga yangi ‘Krishna’ laqabi berilgan. ‘Krishna’ o‘limi tafsilotlarini aniqlashtiradigan veterinar filning kuchli psixologik inqiroz holatida bo‘lgani va tutish vaqtida kichik jarohat olganligini ma’lum qildi.

Hindistonda qutirgan fillarga ‘Ben Laden’ laqabini qo‘yish 2006-yilda ‘Al-Qoida’ terrorchilik tashkiloti dunyo bo‘ylab ko‘plab teraktlarni amalga oshirgan vaqtida urfga kirgan. O‘tgan vaqt oralig‘ida yana bir ‘Ben Laden’ o‘nlab odamlarni o‘ldirgan va yakunda otib tashlangan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi besh yil ichida Hindistonda ikki mingdan ortiq odam fillar hujumi oqibatida halok bo‘lgan. 2011-yildan beri mamlakatda halok bo‘lgan fillar soni esa 700 ta. Fillarning odamlarga hujum uyushtirayotganining asosiy sababi yovvoyi tabiatda o‘zlariga yemish topa olmayotgani bilan izohlanmoqda.

Avval Tailandda 6 ta filning suvga cho‘kib, Zimbabveda esa 55 ta filning ochlik va tashnalikdan halok bo‘lgani, Keniyada BBC hujjatli filmlarida tanilgan katta filning o‘lgani, shuningdek, Shri-Lankada turistlarni sayr qildirgan filning kuchli charchoq sabab qurbon bo‘lgani xabar qilingan.