Toshkent viloyati hududida “Afrosiyob” tezyurar elektr poyezdi harakatlanadigan temir yo‘l kesishmalarida avtomobil yo‘li bilan bir satxda yo‘l o‘tkazgichlar quriladi. Bu haqda “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasida ko‘zda tutilgan.

Foto: Toshkent viloyati IIBB YHXB

Hujjatda qayd etilishicha, yo‘l o‘tkazgichlar Toshkent viloyati hududida avtomobil yo‘li bilan bir sathda kesishgan Zangiota tumani hududidagi 3384, Yangiyo‘l tumani hududidagi 3397 va Chinoz tumani hududidagi 3409 temir yo‘l kesishmalarida quriladi.

Bu avtomobil yo‘llarining o‘tkazuvchanligini oshirish, harakat xavfsizligini ta’minlash va yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida amalga oshiriladi. Loyiha davlat dasturlari asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Shuningdek, avtomobil yo‘llarining o‘tkazuvchanligini oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Toshkent, Samarqand, Andijon, Farg‘ona, Surxondaryo, Navoiy, Jizzax, Xorazm va Sirdaryo viloyatida avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha tadbirlar belgilangan.

Bundan avval O‘zbekistonda zaruratga qarab ko‘p qavatli avtoturargohlar qurilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.