Rossiyaning Ryazan shahrida 6-noyabr kuni kechasi 1982-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi ko‘p qavatli uydan yiqilib vafot etdi, deb xabar beradi Regnum.

Foto: “Altapress”

Vafot etgan O‘zbekiston fuqarosi qurilish obyektida quruvchi yordamchisi bo‘lib ishlagan.

Tergov qo‘mitasi matbuot xizmatining ta’kidlashicha, hozirda dastlabki tergov harakatlari va voqea sabablarini aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Avvalroq, Sankt-Peterburgda O‘zbekiston fuqarosi o‘z jiyani tomonidan o‘ldirilgani haqida xabar berilgandi. Moskvadagi “Tomilinsk elektron zavodi” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi MChJning obyektlaridan birida devor qulashi natijasida O‘zbekiston fuqarosi vafot etgani va tashkilot rahbarlari mazkur holatni yashirishga urinib, marhumning jasadini Moskva viloyati Lyuberets tumanidagi o‘rmonga ko‘mib yuborgan edi. 2019-yilning avgust oyida esa uch nafar O‘zbekiston fuqarosi Perm o‘lkasiga ish izlab borib, qullikka tushib qolgandi.