Central Asia’s Got Talent ko‘rsatuvida o‘zbekistonlik nogironligi bo‘lgan qizaloq Iroda O‘rozova ishtirok etib, o‘zi yozgan “Shukr qiling” deb nomlangan she’rini o‘qib hakamlarni ta’sirlantirgani haqida xabar berilgan edi.

Foto: YouTube

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, Iroda O‘rozovaga Zulfiya nomidagi davlat mukofoti berilishi mumkin.

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova Iroda o‘qiydigan Toshkent shahridagi 100-ixtisoslashtirilgan maktab-internatga tashrif buyurib, Iroda bilan uchrashgan.

“Iroda O‘rozova asli Surxondaryoning Qiziriq tumanidan. Otasi Farhod aka va onasi Oysulton opalar farzandining iqtidorini parvarish qilishadi. Ustozlari ham muntazam e’tibor qaratishadi. Uning qo‘lchalarida tug‘ma nogironlik bor. She’r yozadi, raqsga tushadi va ashula ham aytadi. Maktabda 2 marta shashka bo‘yicha musobaqa g‘olibi ham bo‘lgan”, — deyiladi xabarda.

Senator, Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova oktabr oyida mas’ul bo‘limlarga Iroda O‘rozova o‘qiyotgan Olmazor tumanidagi maktab-internatni ma’naviy otaliqqa olishni ma’lum qilgan hamda moliyaviy jihatdan ham ko‘maklashish choralarini ko‘rish topshirig‘ini bergan.

Qo‘mita va maktab o‘rtasida bu jarayon amalga oshirilmoqda, deyiladi xabarda.

Elmira Bositxonova Iroda O‘rozovaning iste’dodini rag‘batlantirish, shuningdek, uni hamda ushbu maktab-internatda o‘qiyotgan u kabi iqtidorli qizlarni Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga nomzodlikka tayyorlab borish tizimini yo‘lga qo‘yish topshirig‘ini berdi.