AQSh va Xitoy tovarlarga qo‘yiladigan bojlarni bosqichma-bosqich pasaytirishga kelishib oldi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.

Foto: AP

The Wall Street Journal nashriga ko‘ra, kelishuvning birinchi bosqichi AQSh qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Xitoyga yetkazish, valyuta kurslarini sun’iy o‘zgartirishning oldini olish, intellektual mulk himoyasi bo‘yicha choralar va Xitoy bozorini Qo‘shma Shtatlar kompaniyalari uchun ochishni ko‘zda tutadi.

AQSh prezidenti Donald Tramp mazkur kelishuv shartlariga binoan Xitoy Qo‘shma Shtatlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importini 40-50 milliard dollarga oshirishini ma’lum qilgan.

Ikki davlat yetakchilari ushbu kelishuvni Chili poytaxtida 16—17-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammitida imzolashi rejalashtirilgandi. Biroq Chilidagi ommaviy namoyishlar tufayli sammit qoldirildi.