Turkiya harbiy kuchlari AQSh bilan kelishuvga qaramay Suriya shimoli-sharqidagi Ras al-Ayn shahrida harbiy hujumni davom ettirmoqda. Bu haqda Al-Mayadeen telekanaliga asoslanib “TASS” xabar bergan.

Foto: The Independent

Xabarga ko‘ra, turk harbiylari Ras al-Ayn tumanidagi bir nechta qishloqlarga artilleriya zarbasini yo‘llagan. Shuningdek, Anqara tomonidan jang qilayotgan jangarilar guruhi Ras al-Aynga yo‘l olayotgan ijtimoiy yordam karvoniga ham hujum uyushtirgan.

Avval Reuters agentligi shaharda otishma va to‘qnashuvlar boshlangani, o‘q ovozlari eshitilayotgani, mavzelardagi binolardan tutunlar ko‘rinayotganligini xabar qilgan.

Turkiya hukumati ushbu voqealar yuzasidan rasmiy izoh bermagan. 17-oktabr, payshanba kuni AQSh hamda Turkiya o‘rtasida Anqarada Suriyadagi “Tinchlik bulog‘i” harakatlarini to‘xtatish yuzasidan muzokaralar o‘tkazilgan. Turkiya “Suriya demokratik kuchlari” kurdlari chegara hududini tark etishi uchun harbiy harakatlarni 120 soatga to‘xtatishga rozilik bergan.