Uz Analytics O‘zbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi munosabatlari haqidagi maqolani chop etdi. Quyida maqola to‘liqligicha e’tiboringizga havola etiladi.

Foto: Uz Analytics

Rossiya Federatsiya kengashi spikeri Valentina Matviyenkoning O‘zbekistonga tashrifidan so‘ng mahalliy OAVda O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish ehtimoli va buning mamlakat iqtisodiyoti uchun afzalliklari yoki zarari haqida mulohaza va fikrlar bildirilmoqda. O‘zbekiston ushbu ittifoqqa a’zo bo‘lishining afzalliklari va salbiy oqibatlari borligi, shubhasiz. Rossiya va Qozog‘istonda ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun sharoitlar va ma’lum tartiblarni soddalashtirish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning YeOII mamlakatlari bozorlariga kirishini yengillashtirish asosiy afzal jihatlardir.

Salbiy oqibatlar sifatida nisbatan kam rivojlangan mahalliy sanoat uchun ushbu ittifoqqa a’zo bo‘lish jiddiy raqobatni yuzaga keltirishini ta’kidlash mumkin. Chunki o‘z navbatida, O‘zbekiston bozori ham YeOII mamlakatlarida ishlab chiqarilgan tovarlar uchun ochiq bo‘ladi. Bundan tashqari, G‘arb mamlakatlari Rossiyaga nisbatan qo‘llangan yoki kelajakda qo‘llash ehtimoli bo‘lgan iqtisodiy sanksiyalar O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

OAVdagi ushbu mavzuda faol munozaralar va bahslar sabab, YeOII iqtisodiy mexanizmining amalda qanday ishlashi, davlatlararo bojxona chegaralarining yo‘qligi ichki va tashqi savdo rivojlanishida qanday natijalarga erishilgani haqida tabiiy savollar tug‘iladi. Shu bois YeOII mamlakatlarining ichki (o‘zaro ittifoqqa a’zo davlatlararo) va boshqa mamlakatlar bilan tashqi savdosining oxirgi sakkiz yildagi rivojlanishi, jumladan, O‘zbekiston va YeOII mamlakatlari o‘rtasidagi savdo aloqalari rivojlanishiga oid qiziqarli faktlarga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining qisqacha tarixi

Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus va Armanistonni birlashtirgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi 184 million aholiga va 20 million kvadrat kilometrdan ortiq maydonni o‘z ichiga qamrab olgan ulkan iqtisodiy bozordir. Garchi hozirgi shaklida YeOII 2014—2015-yillarda tashkil topgan bo‘lsa-da, bunday integratsiyaning boshlanishi 1994—1995-yillarga borib taqaladi. 1994-yil mart oyida Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Yevrosiyo davlatlari ittifoqini tuzish g‘oyasini ilk bor ilgari surgan edi. Keyinchalik voqealar quyidagi xronologiya bo‘yicha rivojlandi:

  • 1994-yil (iyun): ittifoqning integratsion (iqtisodiy birlashish) loyihasi batafsil ishlab chiqildi va jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi.
  • 1995-yil: Belarus, Qozog‘iston va Rossiya chegaralardagi to‘siqlarni bartaraf etish va mamlakatlararo erkin savdo-sotiqni joriy qilish maqsadida Bojxona ittifoqi to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.
  • 1999-yil (fevral): Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston Bojxona ittifoqi va Yagona iqtisodiy makon to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.
  • 2000-yil (oktabr): Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatini (YevrAzES) ta’sis etdi.
  • 2003-yil (sentabr): Belarus, Qozog‘iston, Rossiya va Ukraina Yagona iqtisodiy makonni tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.
  • 2007-yil (oktabr): o‘zaro savdo-sotiqda tovarlarning erkin harakatlanishi va boshqa mamlakatlar bilan savdo-sotiqni rivojlantirishda qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida Belarus, Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasida Bojxona ittifoqini tuzish to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.
  • 2010-yil (yanvar): Belarus, Qozog‘iston va Rossiyaning Bojxona ittifoqi o‘z faoliyatini boshladi. Yagona bojxona tariflari joriy etildi, mazkur davlatlararo chegaralarda bojxona rasmiylashtiruvi va nazorati bekor qilindi, shuningdek, uch mamlakat hududida tovarlarning to‘sqinliksiz harakati ta’minlandi.
  • 2014-yil (may): Bojxona ittifoqiga va Yagona iqtisodiy makonga a’zo mamlakatlar prezidentlari Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqini (YeOII) tuzish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.
  • 2014-yil (oktabr): YeOIIga Armaniston qo‘shildi.
  • 2014-yil (dekabr): YeOIIga Qirg‘iziston qo‘shildi.
  • 2016-yil: YeOII va Vyetnam o‘rtasida erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi bitim kuchga kirdi.
  • 2018-yil: Moldova Respublikasiga YeOIIda kuzatuvchi maqomi berildi, YeOII bilan Xitoy o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, YeOII bilan Eron o‘rtasida erkin savdo zonasini tashkil etish to‘g‘risida vaqtinchalik bitim imzolandi.

YeOII mamlakatlari o‘rtasidagi ichki savdo va mazkur ittifoqning tashqi dunyo bilan savdo aloqalari

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining asosini tashkil qiluvchi iqtisodiy integratsiya modeli 2010-yildan, ya’ni Rossiya, Belarus va Qozog‘iston o‘rtasida Bojxona ittifoqi kuchga kirgan paytdan boshlab amalda qo‘llana boshladi. Mazkur yil yanvar oyidan boshlab ushbu uch mamlakatda yagona bojxona tariflari joriy etildi hamda Bojxona ittifoqining ichki chegaralarida bojxona rasmiylashtiruvi va nazorati bekor qilindi. Tovarlar va xizmatlar uch mamlakat ichida erkin harakatlana boshladi.

Keyingi ikki yil ichida (2010-2012-yillar) YeOIIda ichki savdo aylanmasi hajmi qariyb 44 foiz, ittifoqqa a’zo mamlakatlarning boshqa mamlakatlar bilan tashqi savdo aylanmasi hajmi esa 36 foiz o‘sdi. Ammo bu ko‘rsatkichlar 2013-yildan 2016-yilgacha keskin pasaydi. Buning asosiy sabablari 2013-yilda boshlangan iqtisodiy inqiroz, ushbu ittifoqning eng yirik a’zolari – Rossiya va Qozog‘iston milliy valyutalarining qadrsizlanishi, shuningdek, G‘arb mamlakatlarining Rossiyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarining qo‘llagani bo‘ldi.

Foto: UZ Analytcs

Ushbu omillar Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining eng yirik a’zolari – Rossiya va Qozog‘istonda o‘rtacha ish haqini AQSH dollaridagi ekvivalenti pasayishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Garchi 2018-yilga kelib Rossiyada ish haqi miqdori (AQSH dollaridagi ekvivalenti) inqirozgacha bo‘lgan davrga nisbatan tiklanib, keyinchalik undan oshgan bo‘lsa-da, Qozog‘istonda ushbu ko‘rsatkich haligacha tiklanmadi.

Foto: UZ Analytcs

Ittifoqning boshqa a’zolari – Qirg‘iziston, Armaniston va Belarusda iqtisodiy inqiroz ish haqi darajasiga kamroq ta’sir ko‘rsatdi. Armanistonda o‘rtacha ish haqining 2017-yildan 2018-yilgacha pasayishi, iqtisodiy omillarga emas, balki mamlakatda o‘rtacha ish haqini hisoblash metodologiyasi o‘zgarishi bilan bog‘liq, deb o‘ylaymiz. Hozirgi kunda YeOIIda eng kam ish haqi – Qirg‘izistonda.

YeOII mamlakatlari eksportining asosiy qismi mineral mahsulotlar (tabiiy gaz, neft va neft mahsulotlari, rudalar), metallar va kimyo sanoati mahsulotlaridan iborat. Ushbu uchta mahsulot umumiy eksport hajmining 83 foizini tashkil qiladi. Ularning qariyb 80 foizi Rossiyaning eksporti hissasiga to‘g‘ri keladi.

Boshqa tomondan, YeOII mamlakatlari mashinalar, uskunalar va transport vositalari, kimyo sanoati mahsulotlari, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi xom-ashyosi kabi mahsulotlarning yirik iste’molchilari hisoblanadi. Ushbu uch turdagi mahsulotlar umumiy import hajmining 75 foizini tashkil qiladi. Ayni tovarlarninig 80 foizini Rossiya federatsiyasi sotib oladi.

YeOII mamlakatlari o‘rtasida import bojxona to‘lovlari qanday taqsimlanadi?

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bitta umumiy bojxona hududiga ega bo‘lgani sababli, YeOII hududiga tovarlarni olib kirishda to‘lanadigan import bojlari “umumiy kassada”da to‘planadi. So‘ngra, ushbu mablag‘lar mazkur ittifoq mamlakatlari byudjetlari o‘rtasida ma’lum proporsiyada taqsimlanadi. Taqsimlanish qoida va proporsiyalari 2017-yil 1-yanvardan boshlab belgilangan.

Foto: UZ Analytcs

Ammo joriy yil martida Belarus bosh vaziri o‘rinbosari YEOIIda mavjud import bojxona to‘lovlarining taqsimlanish qoidalari va proporsiyasini adolatsiz deb atadi. 2019-yil davomida Yevroosiy iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida import bojxona to‘lovlarini taqsimlashning yangi uslubini kelishish bo‘yicha faol muzokaralar olib borildi. Bu masalada Belarus hukumati o‘z pozitsiyasini aniq va ravon ifodaladi: YEOII hududiga import qilinadigan tovarlar har bir a’zo mamlakat iste’mol qiladigan hajmga asoslanish lozim, ya’ni har bir a’zo mamlakat to‘g‘ridan-to‘g‘ri bunday hajmdagi tovarlarni import qilganda, qancha miqdorda bojxona to‘lovlari olishi mumkin bo‘lgan mablag‘, shundan so‘ng esa har bir mamlakat uchun bojxona to‘lovlarining umumiy miqdoridagi hissasi ushbu parametrlar asosida hisoblanishi zarur.

Joriy yil 1-oktabrida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari rahbarlari Yerevandagi sammit yakunlari bo‘yicha import bojlarini taqsimlashda yangi normativni tasdiqladi, ammo tafsilotlar hali e’lon qilinmadi. Shu sababli, YeOII mamlakatlari o‘rtasida import bojxona to‘lovlarining taqsimlanishini qay tarzda o‘zgarishi hozircha noma’lum. Xususan, Belarus yangi uslub bo‘yicha import bojlarni taqsimlashdan qo‘shimcha 1 foiz ulush olishni kutmoqda.

O‘zbekistonning Yevropa iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan tashqi savdo aloqalari

So‘nggi uch yil ichida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida ichki savdo, shuningdek, boshqa mamlakatlar bilan tashqi savdo aylanmasi hajmida sezilarli o‘sish kuzatilgan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkichlar hali inqirozgacha bo‘lgan davrdagi darajaga yetmadi.

Ammo YeOII mamlakatlarining ichki va tashqi savdo aylanmasi dinamikasini O‘zbekistonning YeOII va boshqa mamlakatlar bilan tashqi savdo aylanmasi dinamikasini taqqoslaganda, bir necha qiziqarli faktlarni ko‘rish mumkin.

Foto: UZ Analytcs

So‘nggi ikki yil ichida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo ikkita mamlakat – Qirg‘iziston va Belarus bilan savdo hajmi keskin oshdi. Masalan, 2011-yildan 2016-yilgacha Qirg‘iziston bilan yillik savdo hajmi 225 million dollardan oshmagan bo‘lsa, 2017-yilda bu ko‘rsatkich 254 million dollarga, o‘tgan yili esa 481 million dollarga yetdi. Ma’lumki, bu ko‘p yillik “sovuq” munosabatlardan keyin qo‘shni mamlakatlar, jumladan, Qirg‘iziston bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarning tiklanishi natijasidir. Shuningdek, Belarus bilan tashqi savdo aylanmasi yaxshi rivojlanmoqda. 2018-yilda savdo hajmi avvalgi 7 yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 2,7 baravar o‘sdi.

2018-yilda O‘zbekistonning YeOII mamlakatlari bilan umumiy savdo hajmi 9,7 milliard dollarga yetdi va bu iqtisodiy inqirozgacha bo‘lgan davrdagi ko‘rsatkichlarga yaqin. 2011-2013-yillarda O‘zbekistonning YeOII bilan tashqi savdo aylanmasining umumiy hajmi 9,8 – 10,7 milliard dollar bo‘lgan.

YeOII mamlakatlarining O‘zbekiston umumiy tashqi savdo hajmidagi ulushi 2012-yildan 2016-yilgacha sezilarli darajada – 40,7 foizdan 26,3 foizgacha pasaydi. 2016-yildan beri bu ko‘rsatkich atigi ikki foiz – 28,5 foizgacha oshdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining umumiy hajmi tobora o‘sib, 2018-yilda so‘nggi sakkiz yildagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Boshqa mamlakatlarning (YeOIIdan boshqa) umumiy ulushi 70 foizdan yuqoriligicha qolmoqda.