O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Ishlar boshqarmasi sobiq bo‘lim boshlig‘i Asatulla Do‘stov uyushgan jinoiy guruhga rahbarlik qilgani va guruh tomonidan amalga oshirilgan jinoyatlar haqida “Jahon.uz” o‘z manbalariga tayangan holda xabar tarqalgan. Bosh prokuratura “Daryo”ga mazkur xabar yuzasidan izoh berdi.
Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, jinoiy guruh faoliyati kecha yoki bugun emas, balki olti yil avval fosh etilib, 2014-yilning fevral oyida aybdorlarga nisbatan sud tomonidan tegishli jazo tayinlangan.
1963-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan Do‘stov Asatulla Ismoilovich O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Ishlar boshqarmasi umumiy bo‘limining ekspeditsiya mudiri lavozimida ishlagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2014-yil 19-fevraldagi hukmiga ko‘ra, u tovlamachilik, mansab soxtakorligi, pora berish, jinoiy uyushma tashkil etish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, uch yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan ham mahrum etilgan va 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Izoh (0)