G‘uzor tumanida YTH oqibatida odam o‘limiga sababchi bo‘lgan yigitga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tuman Yoshlar ittifoqi kafilligida bekor qilindi va boshqa jazo tayinlandi. Bu haqda “Daryo”ga tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: G‘uzor tumani hokimligi matbuot xizmati

Sud jarayonida jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etgan Yoshlar ittifoqi tuman kengashi raisi tomonidan sudlanuvchi A.Xursanovga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlash, kelgusida ushbu fuqaroni kafillikka olish taklifi bildirildi va bu haqda kafolat xati taqdim qilindi.

Mazkur jinoyat ishini ko‘rib chiqqan Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tumani sudi sudlanuvchi qilmishini o‘zi to‘la anglamagan holda sodir etgani, muqaddam sudlanmagani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini inobatga olib, unga nisbatan qo‘llanilgan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazoni bekor qildi va sudlanuvchi sud zalidan ozod etildi.

Foto: G‘uzor tumani hokimligi matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, sudlanuvchi Azimjon Xursanov Surxondaryo viloyati Muzrobot tumanida tug‘ilgan. U transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish natijasida odam o‘limiga sababchi bo‘lish jinoyatini sodir etgan.