Osiyo mintaqasida 10 va 15-oktabr kunlari futbol bo‘yicha JCh—2022 ikkinchi saralash bosqichining 3 va 4-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. “Daryo” mazkur o‘yinlar tafsiloti va guruhlardagi holat bilan tanishtiradi.

“A” guruhi

Foto: Twitter/@theafcdotcom

Guruh favoritlaridan biri Suriya o‘tgan ikki turda ham g‘alabaga erishdi, dastlab Maldivni qiyinchilik bilan taslim etgan suriyaliklar 4-turda Guamga javobsiz to‘rtta gol urdi. Bu ikki o‘yinda jamoa yetakchisi Umar as-Soma beshta gol urishga erishdi. Yana bir yetakchi Xitoy esa dastlab Guamni 7:0 hisobida dog‘da qoldirdi, biroq keyingi bahsda Filippin maydonida nursiz durang qayd etdi. Guruhda yo‘qotishsiz ketayotgan Suriya peshqadam bo‘lib oldi, Chin yurti vakillari esa 7 ochko bilan ikkinchi o‘rindan joy olgan.

“B” guruhi

Foto: Twitter/@Socceroos

Avstraliya ishonchli harakat qilishda davom etmoqda, o‘tgan o‘yinlarda “yashil qit’a” vakillari yirik g‘alabalarni qayd etdi. Avstraliya Nepalga beshta to‘p kiritilgan bo‘lsa, Xitoy Taypei darvozasi yetti bor ishg‘ol etildi. Iordaniya esa Kuvayt bilan bo‘lgan o‘yinda “qoqildi”. Bu yerda ham jamoalar joylashuvi “A” guruhidagi kabi bo‘lib turibdi. Avstraliya (9) hamda Iordaniya (7) jamoalari mos ravishda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.

“C” guruhi

Foto: Twitter/@theafcdotcom

Bu guruh o‘yin va natijalari esa o‘ziga xosligi bilan ajralib turibdi. Favorit Eron termasi 3-turda o‘z maydonida Kambojaga javobsiz 14 ta gol urdi. Keyingi turda esa Bahrayn maydonida yutqazib qo‘ydi. Shu tariqa forslarning JCh saralashlaridagi ketma-ket 23 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriyasiga nuqta qo‘yildi. So‘nggi bor 2012-yilda O‘zbekiston terma jamoasi Eronni taslim etishga muvaffaq bo‘lgandi.

Iroq termasi esa ikki g‘alaba qayd etgan holda guruh birinchi pog‘onoga ko‘tarilib oldi. 4-turdan keyin Iroq va Bahrayn 7 ochkodan to‘plagan holda peshqadamlik qilmoqda, Eron esa ikki g‘alaba bilan uchinchi o‘rinni band etgan.

“D” guruhi

Foto: O‘FA

Oktabr oyidagi bahslar O‘zbekiston terma jamoa jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Dastlab Toshkentda Yamanni 5:0 hisobida mag‘lub etgan Vadim Abramov shogirdlari besh kun o‘tib safarda Singapur ustidan qiyin g‘alabani (3:1) qo‘lga kiritdi. Asosiy raqib Saudiya Arabistoni o‘zida Singapurni yengdi (3:0), biroq Falastin safaridan bir ochko bilan qaytishga majbur bo‘ldi.

Ushbu guruhda qizg‘in kurashga boy o‘tayotgani bilan ajralib turibdi. Mazkur bahslar boshlanmasidan avval so‘nggi o‘rinda yurgan O‘zbekiston terma jamoasi ketma-ket ikki g‘alabadan keyin birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. 5 ochko jamg‘argan Saudiya esa ikkinchi bo‘lib turibdi. Falastin va Singapur termalari esa (4 ochko) uchinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi. Yaman ikki ochko bilan so‘nggi o‘rinni band etgan.

“E” guruhi

Foto: Twitter/@theafcdotcom

Guruhda birinchi raqamda saralangan Qatar termasi boshqa yetakchilardan farqli ravishda hozirgacha to‘rtta o‘yinda ishtirok etdi. Mundial mezbonlari keyingi yili Kopa Amerikada ishtirok etishi inobatga olingan holda taqvimga o‘zgartirish kiritilgan. Qatarliklar ortda qolgan ikki turda oson bo‘lmagan g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. Amaldagi Osiyo chempioni dastlab safarda Bangladeshni yengan bo‘lsa (2:0), 4-turda Ummon qarshiligini sindira oldi (2:1). Ummonliklar uchinchi turda Afg‘oniston ustidan yirik g‘alabani qayd etgan holda, olti ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Qatar 10 ochko bilan yetakchilikni o‘z qo‘liga olgan. So‘nggi Osiyo chempionatida o‘zini yaxshi tomonlama ko‘rsatgan va avvalroq Qatar bilan durang o‘ynagan Hindistonga omad yetishmayapti, hindlar bu safar o‘z qo‘shnilari Bangladesh to‘sig‘idan o‘ta olmadi (1:1).

“F” guruhi

Foto: Twitter/@jfa_samuraiblue

Bu guruhda barchasi oldindan taxmin qilinganidek ketmoqda. Yaponiya bu safar ham o‘z raqiblarini ayab o‘tirmadi. Avvaliga Mo‘g‘ulistonga oltita to‘p kiritgan “ko‘k samuraylar” Dushanbeda Tojikistonga javobsiz uchta to‘p yo‘lladi. Ortda qolgan turlarda Qirg‘iziston terma jamoasi ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Qirg‘izlar o‘zida Myanmaga yettita gol urgan bo‘lsa, Mo‘g‘uliston maydonidan ham zafar bilan qaytdi.

Shu tariqa Yaponiya yuz foizlik natija bilan peshqadamlikni saqlab turibdi. Uning ortidan Qirg‘iziston va Tojikiston olti ochko bilan bormoqda.

“G” guruhi

Foto: Twitter/@theafcdotcom

Mazkur guruhda ham chigal vaziyat yuzaga keldi. Birlashgan Arab Amirliklari 3-turda Indoneziyani yirik hisobda mag‘lub etdi (5:0), biroq keyingi o‘yinda Tailandga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Vyetnam esa ikki turda ham g‘alabaga erishgan holda 7 ochko bilan guruh peshqadamligini tailandliklar bilan bo‘lishib turibdi. BAA ulardan bir ochko kam jamg‘argan holda kuchli uchlikni yakunlab bergan.

“H” guruhi

Foto: Twitter/@theafcdotcom

Bu guruhda ikki koreys jamoalari yetakchilik qilmoqda. Janubiy Koreya 3-turda Shri-Lankani o‘zida qabul qilib, javobsiz sakkizta gol urdi. Keyingi turda “Osiyo yo‘lbarslari” Phenyanga safar qildi, bo‘m-bo‘sh stadionda o‘tgan koreys derbisida nursiz durang qayd etildi. Shuningdek, Livan ham ikki turda g‘alabaga erishgan holda guruhdagi vaziyatini o‘nglab oldi.

Qo‘shimcha ma’lumotlar

Ikkinchi saralash bosqichining 3-turida 16 o‘yinning 14 tasida maydon egalari g‘alabaga erishdi va ularning o‘ntasida yirik hisob qaysd etildi. Bunga OFK taqvimining bir xilligi sabab bo‘ldi. O‘sha kuni birinchi savatchada saralanganlar beshinchi savatcha vakillari bilan to‘qnash keldi, ikkinchi savatcha ishtirokchilar esa guruhdagi to‘rtinchi jamoaga qarshi maydonga tushdi. Buning ustiga favoritlar o‘z maydonida harakat qildi.

Keyingi turlar 14 va 19-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Nodirxon Hamidxonov tayyorladi

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!