Eronlik ayollar 10-oktabr kuni Tehronda bo‘lib o‘tgan Eron va Kambodja terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni tomosha qilishi uchun stadionga kiritildi. Ayollar ishtirok etgan o‘yin videosi Twitter foydalanuvchilari tomonidan e’lon qilindi, deb yozmoqda Meduza.

Ayollarning stadionlarga kirishini taqiqlovchi yozilmagan qoidalarga qaramasdan, eronlik ayollarga chipta sotib olishga va jahon chempionatiga chiqish uchun saralash uchrashuvini stadiondan tomosha qilishga rasman ruxsat berildi.

O‘yinga chiptalar 3-oktabrdan sotila boshlagan. Tehrondagi “Ozodiy” stadioniga 78 ming muxlis joylashishiga qaramasdan, ayollarga 3500 ta chipta sotib olishga ruxsat berilgan. Human Rights Watch’ning huquq himoyachilari chiptalar oddiy ayollarga emas, balki rasmiylarga yaqin bo‘lgan ayollarga sotilgan, deb hisoblamoqda.

Eronda ayollarning stadionlarga kirishi 1981-yilda taqiqlangan. Stadionga kirish uchun ayollar erkaklar kiyimini kiygan, ko‘pincha ular qo‘lga tushgan. The New York Times’ning yozishicha, taqiq so‘nggi yillarda basketbol va voleybol o‘yinlariga ham tatbiq qilingan.