Indoneziya siyosat, adliya va xavfsizlik masalalari vaziri Virantoga Banten viloyatida pichoq bilan hujum uyushtirildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, 72 yoshli amaldor viloyatdagi Pandeglang shahriga tekshiruv xizmat safari bilan kelgan. Suiqasd Viranto avtomobildan tushayotgan vaqtida sodir etilgan. Jinoyatchi vazirning qorin sohasiga o‘tkir tig‘li sovuq qurol bilan ikki marta zarba bergan. Qurolli hujum oqibatida mahalliy politsiya boshqarmasi rahbari ham jarohatlangan.
Xavfsizlik xizmati xodimlari va politsiyachilar jinoyatchini qo‘lga tushirgan, keyinroq uning rafiqasi ham suiqasd uyushtirishga sherik bo‘lganlikda gumonlanib hibsga olingan.
Viranto dastlab mahalliy shifoxonaga olib kelingan, keyin vertolyotda Jakartadagi harbiy gospitalga ko‘chirib o‘tkazilgan. Vazir hushida ekani va ahvoli barqaror ekanligi xabar qilingan.
Viranto hukumatda respublikadagi kuchishlatar tizimning asosiy rahbari hisoblanadi va deyarli barcha harbiy kuchlar unga bo‘ysunadi.
Politsiya may oyida hukumatning yuqori lavozimdagi a’zolariga suiqasd uyushtirishga tayyorlangan olti nafar fuqaroni hibsga olgandi. Jinoyatchilar Viranto, dengiz masalalari kuratori Luxuta Binsara Panjaitana, Davlat razvedka boshqarmasi boshlig‘i Budi Gunavana hamda prezidentning xavfsizlik va razvedka masalalari bo‘yicha maxsus vakili Gories Mereni o‘ldirishni maqsad qilganligi ma’lum bo‘lgandi.