Turkiya qo‘shini Suriya respublikasi shimoli-sharqida joylashgan kurdlarning “Suriya demokratik kuchlari” guruhi joylashgan hududga artilleriya zarbasini berdi, deb xabar qilgan “Kommersant”. Hujum natijasidagi talofat qanday bo‘lgani, o‘lganlar yoki jarohat olganlar soni borasida aniq ma’lumotlar yo‘q.

Foto: The Drive

Avvalroq Turkiya harbiy havo kuchlari Xaseke viloyatining Tell-Tavil tumanida joylashgan kurdlar shtabiga havodan hujum qilgandi. Ushbu hujum natijasida qancha odam halok bo‘lgani yoki yaralangani haqida ham ma’lumotlar berilmagan. Hujum oqibatida ikkita ko‘prik vayron qilingan.

Havodan zarba berilgan kurdlar bo‘linmalari “Suriya demokratik kuchlari” guruhiga qarashli va jangarilarni avval AQSh qo‘llab-quvvatlab kelayotgandi.

Avgustda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on agar AQSh Frot daryosi sharqidagi Suriya chegarasida xavfsiz hudud shakllantirishni paysalga solsa, rasmiy Anqara kurdlarga qarshi harbiy harakatlarni boshlab yuborishini ma’lum qilgan. Oktabr boshida Turkiya davlat rahbari Frot daryosi sharqida harbiy harakatlar amalga oshirilishini bildirdi.

O‘z navbatida Vashington ushbu harakatlarda ishtirok etmasligi yuzasidan bayonotni e’lon qildi. Keyinroq AQSh harbiylari Suriya shimoli-sharqidan uzoqlashishni boshladi.