Barselonada bo‘lib o‘tayotgan Yevropa tibbiy onkologiya jamiyati kongressida O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘z yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro miqyosdagi ushbu nufuzli tadbirda dunyoning yuzdan oshiq davlatidan 30 ming nafardan ortiq taniqli onkolog olimlar, shifokorlar qatnashmoqda.
Mazkur xalqaro kongress tashkilotchisi — Yevropa tibbiy onkologiya jamiyati (ESMO) o‘z safiga onkologiya, gematologiya, patomorfologiya, kimyo va nur terapiyasi kabi sohalar bo‘yicha olimlar va malakali shifokorlarni jamlagan dunyodagi yetakchi tashkilotdir. O‘zbekiston onkologlari ushbu nufuzli xalqaro tashkilotga 2017-yili a’zo bo‘lgan.
Yirik xalqaro tadbir doirasida zamonaviy onkologiyaning dolzarb masalalari bo‘yicha qator anjuman, muloqot va mahorat darslari tashkil etilmoqda. Mazkur nufuzli xalqaro kongress doirasidagi anjumanlarda O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari ham ilk bor so‘zga chiqib, mamlakat onkologiya xizmatining bugungi holati, erishilayotgan natijalar va istiqboldagi vazifalar yuzasidan taqdimot o‘tkazdi. Olimlarning ushbu chiqishi xorijlik mutaxassislar tomonidan qiziqish bilan kutib olindi va O‘zbekistonda onkologiya xizmatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarga ijobiy baho berildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxov o‘z chiqishida ta’kidlaganidek, dunyoda har yili 15 millionga yaqin birlamchi saraton holati aniqlanadi. O‘zbekistonda esa 100 mingdan ortiq bemor onkologik kasalliklar bo‘yicha hisobda turadi. Ushbu muammoning dolzarbligini hisobga olgan holda keyingi uch yil ichida tibbiyotning barcha bo‘g‘inlari kabi onkologiya xizmatini tubdan takomillashtirish, bu yo‘nalishda ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni jahon andazalari darajasiga olib chiqish borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda onkologik kasalliklarni tashxis qilish va davolashning zamonaviy standartlari klinik amaliyotga tadbiq etilgan.
Keyingi yillarda onkologiya muassasalarini davlat budjetidan dori-darmon bilan ta’minlash ko‘rsatkichi yaxshilandi va 90-95 foizga yetkazildi.
Hozirgi kunda olimlar va shifokorlar bu yo‘nalishda dunyoning tibbiyoti taraqqiy etgan qator yirik ilmiy-amaliy markazlari bilan hamkorlik qilmoqda. Har yil 50 nafardan ko‘proq onkolog mutaxassislar Rossiya, AQSh, Koreya, Turkiya, Polsha, Hindiston, Belarus va boshqa xorijiy davlatlarning yetakchi ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida malaka oshirib kelmoqda.
Izoh (0)