Yirik investitsiya banklari “Yandeks.Taksi” servisini 7,7—8,5 milliard dollarga baholadi. Bu haqda Bank of America, UBS, Goldman Sachs hamda Sberbank SIB tahlilchilariga tayanib Meduza xabar berdi.

Foto: “Yandeks”

Forbes jurnalining Bloomberg agentligiga tayanib ma’lum qilishicha, “Yandeks”ning jami kapitalizatsiyasi 12,4 milliard dollarga teng. “Yandeks.Taksi”ning xorijlik raqobatchilari — Uber va Lyft esa tegishli ravishda 60,8 hamda 17,4 milliard dollarga baholangan.

Avvalroq, kompaniya “Yandeks.Taksi” 2019 yoki 2020-yilda IPO (aksiyalarini birlamchi e’lon qilish) o‘tkazishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

2017-yili “Yandeks” va Uber’ning o‘zaro bitimida “Yandeks.Taksi” 3,8 milliard dollarga baholangan edi.