Namangan shahridagi taniqli tadbirkorlardan biri o‘zi o‘qigan maktabga 25 ta zamonaviy televizor sovg‘a qildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar berdi.

Foto: Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmatining qayd etishicha, shaharning “Yuqori G‘irvon” mahallasida joylashgan 80-umumta’lim maktabidagi jami 24 sinf xonasi va ma’naviyat xonasi ushbu televizorlar bilan jihozlandi. Hozirda bu yerda 1100 nafardan ortiq o‘quvchi tahsil olib kelmoqda.

Foto: Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati

— Tadbirkorimizning o‘zi ham bundan 20 yil avval shu yerni tamomlagan. U yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin ham maktabdagi eski yoritgichlarni yangilash uchun 10 million so‘m ajratgan edi, — deydi maktab direktori Oqiljon Hasanov.

Ta’kidlash joizki, hozirda Yaponiyada xizmat safarida bo‘lib turgan tadbirkor nomi oshkor etilishini istamadi.