Eron oliy yetakchisi oyatulloh Ali Xomanaiy o‘z rasmiy sayti orqali Tehronning AQSh bilan hech bir jabhada muzokaralar o‘tkazmasligini ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”.

Foto: “Kommersant”

Xomanaiyning fikricha, AQSh muzokaralar yo‘li bilan o‘z talablarini bajartirmoqchi va Tehronga maksimal darajada bosim o‘tkazmoqchi. “Eron xalqiga maksimal darajadagi bosim siyosati biz uchun katta ahamiyatga ega emas, Islom Respublikamizdagi barcha rasmiy kishilar Qo‘shma Shtatlar bilan muzokaralar olib bormaslik tarafdori”, — deydi Eron oliy yetakchisi.

O‘tgan haftada AQSh prezidenti Donald Tramp Tehronning Vashington bilan muzokaralar olib borishni istayotganligini bildirgandi. AQSh yetakchisi o‘zining Erondagi hamkasbi Hasan Ruhoniy bilan 17-sentabrda ochiladigan BMTning navbatdagi sessiyasida uchrashuv tashkil qilishga intilishini aytib o‘tgandi.