Qirg‘iziston mudofaa vazirligi Bosh shtabiga tegishli Mi-8 vertolyoti noyob va qimmatbaho daraxtlarni talon-toroj qilish uchun foydalanilgan. Bu haqda “Turmush” xabar bermoqda.

Foto: “Turmush”

2016-yilda sodir etilgan mazkur holat Chuy viloyatining Sokoluk tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqildi. Uch nafar sudlanuvchiga “O‘ta noyob daraxtlarni kesish, yuklash, qayta ishlash, xarid qilish yoki sotish” moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. Biroq ushbu modda 2019-yil 1-yanvardan kuchga kirgan yangi Jinoiy kodeksda jinoiy javobgarlikdan chiqarilgani uchun ular javobgarlikdan ozod qilindi.

Sud jarayonida ma’lum bo‘lishicha, 2016-yil may oyida sudlanuvchilar Janubiy Koreya fuqarosiga Belogorka darasidan bir necha tup Turkiston archasini kesib berishni va’da qiladi. Ulardan biri turfirma direktoriga Davlat o‘rmon qo‘mitasi litsenziya-ruxsat berish komissiyasi rais o‘rinbosarining oldinroq sotib olingan archalarga ruxsat xatini ko‘rsatadi va bu Turkiston archasini olib ketishga ruxsat hujjati ekanligini aytadi. Turfirma direktori bu aldovga uchib, vertolyot taqdim etishga ko‘nadi va uni Bosh shtabdan soatiga 2,8 ming dollarga ijaraga oladi.

Boshqa ayblanuvchi bir necha KamAZ mashinasini yollaydi va haydovchilarga o‘tin yuklashlarini bildiradi. Vertolyotda tog‘dan 5 ta daraxt olib tushilganida bundan norozi bo‘lgan haydovchilarga barcha ruxsat qog‘ozlari borligini da’vo qiladi. Yakunda gumonlanuvchilar mahalliy aholi va Sokoluk tuman IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.