O‘zA Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Hamroyevning to‘y marosimlari haqida bildirgan fikrini e’lon qildi.

Foto: O‘zA

Taqdirida ota-ona bo‘lish saodati bitilgan har bir kishi borki, xatna to‘yi qilish, o‘g‘il uylantirish, qiz uzatish burchini sidqidildan ado etishni niyat qiladi. To‘y faqat bir oilaning shirin tashvishi emas, bunday marosimlar aslida jamiyat o‘rtasida shakllangan munosabatlar mahsuli – ijtimoiy hodisa sanaladi. Shu jihatdan to‘yni qachon va qanday o‘tkazish har kimning o‘z ishi, degan qarash noto‘g‘ri.

Xususan, nikoh va xatna mohiyatan diniy toifadagi marosimlardan bo‘lib, ularni o‘tkazishning o‘ziga yarasha shartlari mavjud. Din asrlar davomida bu kabi tadbirlar yordamida ro‘y berayotgan ijtimoiy hodisalarni odob-axloq, iymon va diyonat, ijtimoiy-milliy me’yorlarga yo‘naltirishga xizmat qilgan.

Lekin shuni unutmaslik kerakki, diniy marosim bilan to‘yning farqi bor. Misol uchun, qadimda nikoh marosimiga yaqin qarindoshlar, yor-do‘stlar, mahalla ahli chaqirilgan. Maqsad to‘y sababchilari bo‘lgan ikki yoshning bir-biriga mahramligini bildirish bo‘lgan. Shu sababli nikoh marosimida guvohlar bo‘lishi shart hisoblanadi. Nikoh o‘qilishi, Qur’on tilovati esa bu rishtaning muqaddasligidan, axloq doirasida tuzilayotganidan dalolatdir.

Bugun-chi? Bugun ba’zi pul topib aql topmagan, ma’naviyati qashshoq kimsalar to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha xuddiki raqobatga kirishgan. To‘ydan to‘ygacha turli yangi “marosim”lar o‘ylab topilayapti. To‘ylarimizda isrof ko‘pligi ham haqiqat. Gap faqat to‘kin-sochin dasturxon yoki to‘yga sarflangan xarajatlarda emas, to‘y sohibining boshqalarga ko‘rsatayotgan “ibrati”ning oxiri voy bo‘layapti. Oddiy misol: yon-atrofimizda soppa-sog‘ yurgan ayrim odamlar hali qarishga ulgurmay, qon bosimining keskin oshib ketishi, yurak xuruji yoki boshqa shunga o‘xshash kasallik bilan og‘rib qolayapti. To‘shakka mixlanib qolayotganlari ham yo‘q emas. Sababini surishtirsangiz, katta to‘y qilaman, deb qarzga botgan bo‘ladi. Qarzdan qutulishga tirishib, o‘zini o‘tga, cho‘g‘ga uradi. Endi qarzdan xalos bo‘lay degan paytda yana bir farzandini uylantirish yoki uzatish fursati yetgan bo‘ladi. Tan olish kerak, to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar necha-necha oilalarning iqtisodiy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Pul-ku topilar, lekin boy berilgan vaqt, asab, sog‘liqni na sotib, na topib bo‘ladi. “Falonchidan kam emasman”, “bir qoyillatib to‘y qilay..!” qabilida yashash, qisqa umr ma’no-mazmunini bir-ikki kunlik hoy-u havasga sarflash, nafaqat moddiy ne’matlar, balki to‘y egalarining ma’naviy isrofi ham emasmi? To‘ydan kutganimiz, umidimiz faqat farzandlarimizning baxt-u saodati bo‘lishi kerakmasmi aslida?

Alisher Hamroyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Eslatib o‘tamiz, 14-sentabr kuni Oliy Majlis Senati Kengashi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining qo‘shma majlisida O‘zbekistonda to‘y-hashamlarni tartibga solish bo‘yicha qat’iy qaror qabul qilingan edi.