Ijtimoiy tarmoqlarda 13-sentabrda “Hokimlarga orden berilishini tanqid qilgan bloger 10 kunga qamaldi” degan xabarlar tarqaldi. Andijon viloyati IIB mazkur vaziyatga rasmiy munosabat bildirdi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Umidjon Mamarasulov.
Bloger Nodirbek Hojimatov sentabr oyi boshlarida Shahrixon tumanidagi “Qum” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Obod mahalla” davlat dasturi doirasida qurilish-ta’mirlash ishlari sifatsiz amalga oshirilgani va yerga ajratilgan pul mablag‘lari o‘zlashtirilib yuborilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarga xabarlar joylashtirgan.
Andijon viloyati IIBdan ma’lum qilishlaricha, bu xabarlar yolg‘on va asossiz bo‘lib, bu bilan u Shahrixon tumani hokimi Hikmatillo Dadaxonovga tuhmat qilgan. Shuningdek, bloger 7—9-sentabr kunlari Shahrixon tuman hokimligi ma’muriy hududiga bir necha bor kelib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimay, tuman hokimi Dadaxonovning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitgan.
Yuqoridagi xatti-harakatlari uchun fuqaro Nodirbek Hojimatov 12-sentabr kuni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40 (tuhmat), 41 (haqorat qilish), 183-moddalari (mayda bezorilik) bilan ma’muriy javobgarlikka tortish haqida hujjatlar rasmiylashtirilib, ushbu hujjatlarni mazmunan ko‘rib chiqish uchun Shahrixon tuman ma’muriy sudiga yuborilgan.
Sud 12-sentabr kuni Nodirbek Hojimatovni yuqoridagi moddalar bo‘yicha aybdor deb topib, unga nisbatan 13 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.
Izoh (0)