Kongo demokratik respublikasida poyezdning izidan chiqib ketishi oqibatida kamida 50 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakatning tabiiy ofatlar bilan kurashish va gumanitar masalalar bo‘yicha vaziri Stiv Mbikayining ma’lumotlariga asoslanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: “RBK”

Vazirning qayd etishicha, halokat oqibatida yana kamida 23 kishi jarohatlangan, qurbonlar soni yana ortishi mumkin, chunki poyezd ostida qolib ketgan odamlar ham bor.

Avariya mamlakatning janubi-sharqidagi Tanganika provinsiyasida 12-sentabrga o‘tar kechasi yuz bergan. Poyezdning nima sababdan relsidan chiqib ketgani noma’lum.

Vazir o‘z nutqida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi, shuningdek, mamlakatda halokatni muhokama qilish uchun yaqin orada hukumat yig‘ilishi o‘tkazilishini ta’kidladi.