“Darakchi” gazetasi asoschisi Firdavs Abduxoliqov “O‘zbekkino”ga direktor bo‘ldi
Furqat Zokirov “O‘zbekkino” milliy agentligi direktori lavozimidan ozod qilindi. “Daryo”ning agentlikdagi ishonchli manbalari bergan axborotga ko‘ra, uning o‘rniga Firdavs Abduxoliqov agentlikning yangi rahbari etib tayinlangan.
56 yoshli Firdavs Abduxoliqov 1992—1995-yillarda O‘zbekistondagi dastlabki xususiy telekanallardan biri — “STV” va ilk nodavlat gazetalardan biri — “Darakchi”ga asos solgan. 2003-yildan O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasiga rahbarlik qilib keladi.
Bundan tashqari, u O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining raisi hisoblanadi. Uning prodyuserligida ko‘plab hujjatli filmlar suratga olingan, u BBC, Euronews, CNBC va boshqa qator xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Ma’lumot uchun, Furqat Zokirov 2017-yil avgustida “O‘zbekkino” milliy agentligi direktori etib tayinlangan edi. Zokirov ushbu lavozimda Otabek Musayevning o‘rnini egallagan edi.
Mavzuga doir: Firdavs Abduxoliqov: Gulnoraning tosh-tarozisi