Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

O‘zbekiston Energetika vazirligi AES qurilishi uchun tanlab olingan ustuvor maydonda olib borilayotgan muhandislik ishlari haqida ma’lumot berdi, shuningdek, “Nuz.uz” muxbirining “Tuzkondagi bema’nilik” maqolasiga javob qaytardi.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Dunyoda neft va gaz zaxiralarining kamayib borayotgani va energiya iste’moli ortib borayotgani natijasida energiya resurslari bozorida yuzaga kelgan raqobat sharoitida O‘zbekiston uchun muhim muammolardan biri davlatning energiya xavfsizligini ta’minlashdir.

Barqaror iqtisodga ega, shuning bilan birga, yonilg‘i-energetika resurslari taqchilligini boshdan o‘tkazayotgan mamlakatlar uchun iqtisodiy mustaqillikni ta’minlash maqsadida atom energetikasini rivojlantirish strategik ahamiyatga egadir. Shu boisdan, respublikamizda AES qurish masalasi allaqachonlar paydo bo‘lgan edi.

Hozirgi vaqtda jamoatchilik, OAV vakillariga O‘zbekiston Respublikasi hududida AES qurish loyihasini amalga oshirish jarayoni haqida ma’lumot berishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada olib borilayotgan ishlar bilan O‘zbekiston aholisini tanishtirib borish maqsadida «O‘zatom» agentligi tomonidan OAV, deputatlar, NNT va boshqalar uchun doimiy tarzda turli tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri joriy yilning 7-iyul kuni Jizzax viloyatining Forish tumanidagi AES qurilishi uchun tanlab olingan uchastkada o‘tkazildi. Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Ekologiya partiyasi va Ekologiya harakati mutaxassislari, O‘zbekiston milliy OAV hamda “Rosatom” davlat korporatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Uchastkaga uyushtirilgan tashrif yakunlari haqida OAVda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ko‘plab ma’lumotlar berildi. Shuning bilan birga, “Nuz.uz” axborot portalida e’lon qilingan “Tuzkondagi be’manilik” sarlavhali maqolaga ham javob berildi. Shuningdek, tahririyatning yuborilgan savollarga javob berish haqidagi iltimosiga ko‘ra, “O‘zatom” agentligi quyidagilarni ma’lum qiladi.

AES qurish uchun tanlangan hudud xavfsizlikning eng qat’iy va eng zamonaviy talablariga javob berishini asoslash uchun biz tomonimizdan amalga oshirilgan keng ko‘lamli muhandislik izlanishlari va ekologik tadqiqotlar batafsil yoritilgan, bunga odamlarning ishonishi da’vat etilgan keng ko‘lamdagi tizimli maqolasi uchun biz muallifdan minnatdormiz. Maqola muallifi amalga oshirilayotgan yoki boshlanish arafasida turgan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan barcha izlanishlar, ekologik tadqiqotlarni deyarli barchasini sanab o‘tgan. Yana qaysi soha o‘z obyekti uchun xuddi shu tartibda sinchkovlik va ilmiy asoslarga tayanib hudud tanlaydi?

Biroz tarix haqida. 2017-yil 29-dekabrda Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Rossiya Federatsiyasi hukumati o‘rtasida tinch maqsadda atom energiyasidan foydalanish to‘g‘risida kelishuv imzolangandan so‘ng respublikada AES qurish uchun ehtimoliy hudud qidirish ishlari boshlab yuborildi.

AES qurilishining texnik jihatlari bo‘yicha tashkil etilgan ishchi guruhi Yadro fizikasi instituti, Fanlar akademiyasining seysmologiya instituti, Davlat geologiya qo‘mitasi, Davlat ekologiya qo‘mitasi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi, FFV, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ vakillaridan iborat tarkibda shakllantirilib, O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan ishchi guruh oldiga AES qurish uchun mumkin qadar xavfsiz, iqtisodiy samarali va himoyalangan hududni aniqlash vazifasi qo‘yildi. 2018 yil aprel oyida ishchi guruh tomonidan Samarqand, Jizzax va Navoiy viloyatlaridagi ehtimoliy 10 ta hudud taqdim etildi.

Ishchi guruh tomonidan taqdim etilgan materiallar sinchkovlik bilan o‘rganib chiqilgandan so‘ng, 3 ta potensial punkt (har bir punktda bir qancha ehtimoliy hududlar ko‘zda tutilgan) — To‘dako‘l suv ombori yaqinidagi 1 ta va Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi yainidagi 2 ta hudud tanlab olindi.

Mutaxassislar tomonidan to‘plangan materiallarga asoslangan holda taqdim etilgan hududlarning gidrogeologik, muhandis-geologik va geomorfolok sharoitlari, geografik joylashuvi, geologik tuzilishi, seysmik bardoshligi va atrof-muhitning boshqa jihatlari o‘rganib chiqildi.

Mutaxassislar tomonidan to‘plangan ma’lumotlarni tahlil etishga Kiyev ilmiy-tadqiqot va loyiha-konstruktorlik instituti “Energoproyekt” (Ukraina) mustaqil ekspert tashkiloti sifatida jalb etildi hamda tanlangan ehtimoliy hududda AES qurilishiga monelik qiluvchi omillar tahlil etildi.

Tahlil natijalari ehtimoliy hududda taqiqlovchi omillar mavjud emasligini ko‘rsatdi.

AES qurilishi uchun joy tanlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi seysmologiya instituti, Davlat geologiya qo‘mitasi, Davlat ekologiya qo‘mitasi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi, FFV hamda xorijlik maslahatchi — Kiyev ilmiy-tadqiqot va loyiha-konstruktorlik instituti “Energoproyekt” (Ukraina) vakillari bilan hamkorlikda “Rosatom” davlat korporatsiyasi mutaxassislari bilan kelishilgan holda muhandislik tadqiqotlarining bosqichma-bosqich dasturi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Tasdiqlangan muhandislik tadqiqotlari dasturiga ko‘ra, 2018-yilning avgust oyidan 2019-yilning mart oyigacha AES qurilishi rejalashtirilgan ehtimoliy hududlarda muhandislik-tadqiqot ishlarining birinchi kompleks bosqichi amalga oshirildi. Jumladan, Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi, To‘dako‘l suv ombori yaqinidagi 4 ta maydoncha, Jizzax viloyatining Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga mansub Tuzkon ko‘li yaqinidagi 3 ta maydonchada o‘rganish ishlari olib borildi.

Yuqorida ko‘rsatilgan hududlarda o‘tkazilgan kompleks tadqiqot ishlarida O‘zbekiston Respublikasining 20 ga yaqin vazirlik, idora va tashkilotlari, xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Davlat geologiya qo‘mitasi, Davlat ekologiya qo‘mitasi, Seysmologiya instituti, Fanlar akademiyasining botanika va yadro fizikasi institutlari, “UzLITIEngineering” QK MChJ, “O‘zGAShKLITI” DUK, “O‘zbekgidrogeologiya” DUK, “GIDROINGEO instituti” DK, “O‘zgidromet” va boshqalar ishtirok etdi. Ekspert-maslahatchi sifatida “Atomenergoproyekt” (Rossiya) loyiha instituti jalb etildi.

Amalga oshirilgan ishlar MAGATEning taqiqlovchi omillar majud emasligini hisobga oluvchi xavfsizlik me’yorlari (Asosiy xavfsizlik tamoyillarini belgilovchi SF-1, NS-R-3 rev.1 va SSG-35 yadro qurilmalarini o‘rnatish uchun joy tanlash) hamda Rossiya Federatsiyasining atom stansiyalarini qurish sohasidagi (NP-032-01, NP-31-01 va NP-064-17) me’yoriy hujjatlariga amal qilingan holda o‘tkazildi.

To‘dako‘l va Aydarko‘l punktlarida amalga oshirilgan muhandislik tadqiqot ishlarining birinchi bosqichi yakunlangach, “Atomenergoproyekt” AJ tomonidan AES qurilishi uchun munosib joy tanlangani haqida ijobiy xulosa tayyorlandi va taqdim etildi.

2019-yil 7-mayda Respublika ishchi komissiyasi va “O‘zatom” agentligining ilmiy-texnikaviy va ekspert kengashining qo‘shma majlisi o‘tkazilib, unda mas’ul tashkilotlarning muhandislik tadqiqot ishlarining birinchi bosqichini o‘tkazish bo‘yicha hisobotlari tinglandi.

Mas’ul tashkilotlar va Rossiyaning “Atomenergoproyekt” loyiha institutining muhandislik-qidiruv ishlarining birinchi bosqichi natijalari haqidagi hisobotlari har tomonlama muhokama qilinganidan so‘ng atom elektr stansiyasi qurilishi uchun eng maqbul joy sifatida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidagi Tuzkon ko‘li yaqinidagi hudud tanlab olindi.

Stansiyani joylashtirish ishlari O‘zbekiston Respublikasining “Radiatsion xavfsizlik to‘g‘risida”gi, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlariga, SanPiN RUz 0193-06, SanPiN RUz 0251-08 sanitariya me’yor va qoidalariga, Rossiya Federatsiyasining (texnologiya ta’minotchisi) “Atom stansiyalarini joylashtirish. Xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha asosiy mezon va talablar” NP-032-01 va boshqa me’yoriy hujjatlari, MAGATE rahbariyatining AES qurilishi uchun joy tanlashda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha (№ 50-C-S, № 50-SG-S1 (rev.1), № 50-CG-S5, № 50-SG-S7, № 50-SG-S9, № 50-SG-S11A, № 50-SG-S11B) tavsiyalariga amal qilgan holda olib boriladi.

Shu o‘rinda alohida qayd etish kerakki, yuqoridagi maqola muallifi To‘dako‘l hududida AES qurilishi loyihasini amalga oshirish tantanali boshlanganini ta’kidlaganki, bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. 2018-yil 19-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin ramziy tugmani bosish orqali loyiha boshlanishiga start bergan edi. Tadbir vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri A.S.Sultonov, “Rosatom” davlat korporatsiyasi rahbari A.Ye. Lixachyov, mahalliy hokimiyat vakillari va jamoatchilik hozir bo‘lib turgan Jizzaxdagi maydoncha bilan teleko‘prik o‘rnatilgan edi. Ushbu tadbir barcha milliy va ko‘plab xorijiy OAVlarda yoritilgan edi.

Maqola muallifi ustuvor maydonchaga yaqin joydagi Uch-Quloch konidan ruda va noruda jinslarni qazib olish istiqbollarini muhokama qilgan. Qayd etish kerakki, konda ruda va noruda jinslarni qazib olish AES faoliyatiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Ta’kidlash joizki, foydali qazilmalari borishi qiyin bo‘lgan hududlarda joylashgan dunyoning ko‘plab mamlakatlari uchun atom energetikasi qazuvchi korxonalar uchun yagona elektr manbai hisoblanadi.

Maqola muallifining AES qurish uchun avvaliga To‘dako‘l suv omboriga yaqin hudud tanlab olingani, keyin bu maydondan voz kechilib, Tuzkon ko‘li hududiga e’tibor qaratilgani haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Maydoncha tanlanishi yadro regulyatori, bizda bu ish bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat sanoat xavfsizligi qo‘mitasining maxsus ruxsati bilan amalga oshiriladi. Ayni vaqtda esa, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, To‘dako‘l va Aydarko‘l hududlarida o‘tkazilgan birinchi bosqich muhandislik tadqiqotlaridan so‘ng ustuvor maydoncha tanlab olingan. AES uchun yakuniy joy tanlash uchun atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish baholovi (OVOS) tayyorlanib, u MAGATE qoidalari asosida ishlab chiqilgan va majburiy tartibda ekspertizadan o‘tkaziladi, shuningdek, jamoatchilik eshituvi uchun qo‘shni mamlakatlar taqdim etilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda qayd etish joizki, OVOS nafaqat fond va arxiv materiallari asosida, balki AES uchun maydoncha tanlash maqsadida amalga oshirilgan muhandislik qidiruv ishlarining birinchi bosqich natijalari AES qurilishining texnik loyihalari muhandislik tadqiqotlari asosida tayyorlandi. Bunda oxirgi uch yil davomidagi tadqiqotlar materiallariga ham murojaat qilingan bo‘lib, ular belgilangan qoida va me’yorlarga muvofiq AESning atrof-muhitga ko‘rsatadigan ta’sirini kamaytirishga qaratilgan tahlil va tadbirlarni rejalashtirishga yetarlidir.

Maqola muallifining amalga oshirilgan tadqiqot ishlari “O‘zatom” agentligi tomonidan to‘liq moliyalashtirilmagan, degan fikri ham haqiqatdan yiroq. “O‘zatom” agentligi tomonidan pul mablag‘lari muhandislik tadqiqot ishlari bo‘yicha bosh pudratchi “O‘zGAShKLITI” DUKga o‘z vaqtida to‘lab berilgan, shunga muvofiq tarzda, bosh pudratchi esa subpudrat tashkilotlariga o‘z vaqtida mablag‘larni to‘lagan. Ushbu masalani o‘rganish maqsadida joriy yilning 4-avgust kuni “O‘zatom” agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari va “O‘zatom” agentligining AES qurish ishlari bo‘yicha Direksiyasi direktori joyga chiqqan holda muhandislik tadqiqot ishlarining olib borilishi bilan tanishdi.

Maydonchada ishlayotgan shaxsiy tarkib va xodimlar bilan o‘tkazilgan muloqotda ma’lum bo‘ldiki, muhandislik-tadqiqot ishlarida ishtirok etayotgan barcha subpudrat tashkilotlarning ishchilariga oylik ish haqlari belgilangan jadvalga asosan o‘z vaqtida berilmoqda, hech qanday qarzdorlik holatiga yo‘l qo‘yilmagan. Qizig‘i shundaki, shunchalik uzoq yo‘lni bosib o‘tgan muallif shtabga kirib, rasmiy shaxslardan ma’lumot olishni o‘ziga ep ko‘rmapti. Shu o‘rinda tadqiqot ishlari va ularning xarajatlariga doir ehtimoliy savollarni inobatga olib aytish kerakki, istalgan mamlakatda bu kabi ma’lumotlarga faqat muayyan toifadagi mutaxassislar ega bo‘ladi va ularni tarqatishga cheklov o‘rnatiladi. Ochiq ma’lumotlarni esa biz jamoatchilikka har bir bosqich natijalari bo‘yicha e’lon qilib boramiz. O‘z navbatida sarflanayotgan xarajatlar bir qancha vazirlik va idoralar tomonidan qat’iy nazorat etilishini ham eslatib o‘tamiz.

Maqola muallifi AES chiqindilari masalasida mulohaza yuritishda ham yanglishgan. Gap shundaki, radioaktiv suvlar bironta texnik yoki texnologik yechimlarda va reglamentlarda tashqi muhitga chiqarib tashlash ko‘rsatilmagan. Bu ehtimoldan uzoq va amalda mumkin ham emas. Birinchi konturdagi suv (anig‘i, suv emas, balki bor eritmasi) reaktorning mustahkam germetik birinchi konturida, quvurlarda va boshqa qurilmalarda saqlanib, chuqur tizimli uchinchi himoya qatlami bilan muhofazalangan. Bordiyu ushbu konturlarning, masalan, quvurlar liniyasi zanglashiga yo‘l qo‘yilsa ham, loyihalash bosqichida muhandislar har bir bunday vaziyatni inobatga olib, loyihani tayyorlashda shunday ehtimoliy omillarni hisobga olgan va muammoni bartaraf etishga doir xavfsizlik choralari ishlab chiqilgan.

Loyihachilarda hatto “loyihalashtirilgan halokat” (ya’ni oldindan e’tiborga olingan halokatlar) degan termin mavjud. AES xavfsizlik tizimi esa xavfsizlik borasida muhim o‘rin tutuvchi quvurlardagi holatni har soniyada monitoring qilib boradi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarni ishonchli tarzda avtomatik bartaraf eta oladi. Shunday ekan, “chiqindi suvlari” va “radioaktiv sizish” kabi gaplar noo‘rin fantaziyadan boshqa narsa emas.

Maqola muallifi shuningdek, 2008-yilda jahon jamoatchiligi O‘zbekistonning murojaatini ko‘rib chiqib, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi suv-botqoq hududlari bo‘yicha xalqaro Ramsar konvensiyasi ro‘yxatiga kiritilganiga urg‘u beradi.

Haqiqatan ham, 2008-yilda parrandalarni saqlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi suv-botqoq hududlari bo‘yicha xalqaro Ramsar konvensiyasi ro‘yxatiga kiritilgan. Qayd etish kerak, Ramsar konvensiyasi qoidalariga binoan, hududning uning ro‘yxatiga kiritilishi xo‘jalik faoliyatiga hech qanday cheklov o‘rnatmaydi. Faqat yagona sharti shundaki — suvbo‘yi qushlari va ularning makonlarini himoya etish choralari amalga oshirilishi lozim. O‘rni kelganda aytish kerakki, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi O‘zbekiston suv havzalari orasidagi eng katta ko‘llardan biridir. Migratsiya va qishlov davri qushlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq, tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, mazkur suv havzasida qushlar suv sathi doimo bir xil bo‘lmagani, qirg‘oq o‘simliklarining ko‘pligi va gidrobiologik obyektlarning ko‘chishi — oziq-ovqat ta’minoti sababli to‘xtash joyini doimiy tarzda o‘zgartirib turadi. Shunday qilib, AES qurilishi va ekspluatatsiyasi jarayonida Tuzkon ko‘lining qirg‘oq chizig‘i va suv sathidan ekologik xavfsizlik talablariga muvofiq foydalanish Ramsar konvensiyasining qoidalarini buzmaydi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi To‘dako‘l ko‘li va Quyimozor suv ombori va Janubiy Orol mintaqasidagi bir qator ko‘llarni Ramsar ro‘yxatiga kiritish uchun hujjatlar to‘plami tayyorlaganini va ular konvensiya shartlariga to‘liq javob berishini ham inobatga olish kerak.

Maqola muallifining ishlatilgan yadro yoqilg‘isi va radiofal chiqindilar masalasida xavotir olayotganiga javoban shuni ma’lum qilamizki, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi respublika hududida atom elektr stansiyasi qurish va ekspluatatsiya qilish to‘g‘risidagi Hukumatlararo kelishuvga ko‘ra, foydalanilgan yadro yonilg‘isi va radioaktiv chiqindilar alohida kelishuv va shartnomalar bo‘yicha muvofiqlashtiriladi. Bunda xorijiy tajriba inobatga olingan holda, radioaktiv chiqindilar ishlab chiqarilgan mamlakatda saqlanadi. “O‘zatom” agentligi vakillari Yaponiya, Vengriya, Rossiya, Ukraina va AQSh kabi davlatlardagi AESlarning bu boradagi faoliyatini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib amin bo‘ldi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi 1968-yil 1-iyuldagi yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma, 1979-yil 26-oktabrdagi Yadroviy materiallarni va yadroviy qurilmalarini jisman himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiya, 1997-yil 5-sentabrdagi Ishlatib bo‘lingan yoqilg‘i bilan muomalada bo‘lish xavfsizligi to‘g‘risidagi va radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lish xavfsizligi to‘g‘risidagi birlashgan konvensiya a’zosi hisoblanib, ishlatilgan yoqilg‘ilarni qayta ishlash uchun Rossiya Federatsiyasiga tashish rejalashtirilgan.

Qayta ishlash jarayonida barcha qimmatbaho yadro materiallari olinadi, qolgan qismi bug‘lash va presslash yo‘li bilan mustahkamlanadi va keyinchalik O‘zbekistonga qaytariladi. Rossiya qonunlariga ko‘ra, mamlakatga radioaktiv chiqindilarni olib kirish taqiqlanadi. Har bir mamlakat o‘z hududida radioaktiv chiqindilarni saqlashi lozim.

Shu boisdan “O‘zatom” agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi mutaxassislari ushbu masala, ya’ni ishlatilgan yadro yoqilg‘isi va radioaktiv faol chiqindilar bo‘yicha uzviy hamkorlikda ish olib bormoqda. Yaqin vaqt ichida bu borada xalqaro tajriba inobatga olingan holda yadro yoqilg‘isi va radioaktiv faol chiqindilarga doir Strategiya ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Joriy yilning 15-may kuni “O‘zatom” agentligi binosida Atom texnologiyalari bo‘yicha axborot markazi ochildi. Uning asosiy maqsadi hayotimizning barcha sohalarida qo‘llanilayotgan atom texnologiyalari xususida tashrif buyuruvchilarga to‘laqonli ma’lumot berishdir. Bugungi kungacha Axborot markaziga 1000 dan ortiq kishi, shu jumladan, o‘quvchilar va talabalar, o‘qituvchi va olimlar, deputatlar, NNT hamda OAV vakillari va boshqalar tashrif buyurdi. Shu o‘rinda qayd etish kerakki, “O‘zatom” agentligi o‘z faoliyati bo‘yicha doimo ochiqdir. AES qurilishi loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va yadro infrastrukturasini yaratishga doir barcha ma’lumotlar o‘z vaqtida hamda to‘liq hajmda taqdim etiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, ma’lum qilamizki, maqola muallifi, shuningdek, barcha qiziqqan jurnalistlar istalgan vaqtda “O‘zatom” agentligi vakillari bilan belgilangan tartibda aloqaga chiqishlari, shundan so‘ng o‘zlarini tashvishga solgan savollarga javob olish uchun tegishli mutaxassislar bilan uchrashuv tashkil etilishi mumkin. Shu munosabat bilan, biz hech qanday ma’lumot berishga vakolati bo‘lmagan qo‘riqchilar bilan aloqada bo‘lishni maqsadga muvofiq emas, deb bilamiz.

Shu o‘rinda eslatib o‘tamizki, Axborot markazi faoliyati doimo ochiq bo‘lsa-da, undagi manba va ma’lumotlardan foydalanish uchun oldindan ogohlantirib qo‘yish lozim. Negaki, markazda o‘rnatilgan tizim va multimedia qurilmalarini ishga tushirish uchun muayyan vaqt talab etiladi. O‘rni kelganda maqola muallifi «O‘zatom» agentligiga kelgan vaqtga e’tibor qaratib, u soat 18:00 dan so‘ng, rasmiy ish vaqti tugaganidan so‘ng kelganini ta’kidlab o‘tamiz. Shunga qaramasdan, agentlik boshqarmasi boshlig‘i tomonidan tushuntirish berilganiga qaramasdan, muallif qo‘riqchining so‘zlaridan kelib chiqqan holda xulosa chiqargani, professional etikaga to‘g‘ri kelmasligini ham bildiramiz.

“O‘zatom” agentligi rahbariyati fuqarolarimizning barcha savollariga javob berishga, shuningdek, ular qabul qilishni so‘rashsa, bunga ham doim tayyor ekanligini ma’lum qiladi. Shu boisdan, barchaga murojaat qilamizki, kimdadir qanday savollar bo‘lsa, ularni bizning rasmiy manzilimizga yoki elektron pochtamizga yuborishlari hamda telefon orqali ma’lum qilishlari mumkinligini bildiramiz, — deyiladi xabarda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Samarqandda 2 kishi ovqatdan zaharlanib vafot etdi
Mahalliy
Toshkentda avtobusning yurgan masofasiga qarab to‘lov qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Mahalliy
Aholining valyuta ayirboshlashga yoʻnaltirgan pul mablagʻlari hajmi 68 foizga oʻsdi — Markaziy bank