YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan madaniy meros obyektlari va davlat muhofazasiga olingan tarixiy yoki madaniy yodgorliklar hududida faqat O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan suvenir mahsulotlari sotiladi. Bu Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Foto: “Gazeta.uz”

Farmonga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha moddiy madaniy meros obyektlari hududlariga 5 tonnadan yuqori vaznga ega avtotransport vositalarining kirishiga cheklov qo‘yiladi.

Shuningdek:

turizm faoliyati subyektlari va aviatashuvchilarning xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga charter reyslarini tashkil qilish bo‘yicha xarajatlarining bir qismi har bir xorijiy turist uchun, u respublika hududida kamida 5 kecha tunab qolgan taqdirda 20 AQSh dollari, qish mavsumida (20-noyabrdan 20-fevralgacha) esa 50 AQSh dollari miqdorida davlat budjeti va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplab beriladi;

xorijiy kinokompaniyalarning O‘zbekiston hududida audiovizual mahsulotlar (kino, tele va videofilm, klip, multfilm, animelar) yaratishdagi xarajatlarining bir qismi (rebate) davlat budjeti hisobidan O‘zbekiston hududida amalga oshirilgan xarajatlarning 20 foizigacha, lekin bitta mahsulot uchun 300 ming AQSh dollaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi;

Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan O‘zbekistonning tarixiy va afsonaviy shaxslari to‘g‘risidagi to‘liq metrajli badiiy, qisqa metrajli badiiy, xronikal hujjatli filmlarni suratga olish uchun loyiha qiymatining 30 foizi, lekin 3 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda grantlar ajratiladi;

tadbirkorlik subyektlarining respublika hududlarida (Toshkent shahridan tashqari) chet el taomlariga yoki alohida yo‘nalishga ixtisoslashtirilgan mavzuli ovqatlanish shoxobchalarini, shuningdek, “karaoke” zallari va turistik qo‘ngilochar muassasalarni tashkil etish xarajatlarining bir qismi Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har bir loyiha uchun 10 million so‘m miqdorida qoplanadi.