Rossiyaning Arxangelsk viloyatida 8-avgust kuni eng yangi “ishlanma”ni sinovdan o‘tkazish vaqtida portlash yuz berdi, hodisa oqibatida Sarov yadroviy markazining besh nafar xodimi va ikki harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Portlashdan so‘ng hududda radiatsiya darajasi oshgani qayd etildi, Oq dengizning bir qismi kemalar qatnovi uchun yopildi. AQShning rasman ma’lum qilishicha, portlagan “ishlanma”ning nomi — “Burevestnik”; bu Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan taqdimoti bir yil avval o‘tkazilgan yadro reaktorli eng yangi raketa. Meduza ushbu raketa haqida yozib, nima uchun aynan u portlagan deb taxmin qilinayotganiga asoslar keltirdi.
Harbiylar nimani sinovdan o‘tkazayotgan edi?
Severodvinsk shahridan 30 kilometr uzoqlikda, Arxangelsk viloyatining Nyonoksa shaharchasida Rossiya harbiy-dengiz floti (HDF)ning Markaziy raketa poligoni joylashgan. Harbiylar va amaldorlarning so‘zlariga ko‘ra, 8-avgust kuni u yerda suyuqlik dvigatelli qandaydir raketa sinovdan o‘tkazilgan, raketa shaharcha yaqinidagi dengiz platformasidan uchirilgan. Portlashdan bir necha sinovchi suvga otilib ketib, halok bo‘lgan. Portlash “hodisalarning muvaffaqiyatsiz ketma-ketligi” oqibatida yuz bergan.Sarov markazi rahbariyati portlash munosabati bilan bergan bayonotida sinovchilar radioaktiv materiallari bor qurilma ustida ish olib borganini tasdiqlagan. Ular 8-avgust kuni aynan nima sinovdan o‘tkazilganini aytmagan, biroq bir-biridan keskin farq qiladigan o‘zining ikki ishlanmasini tilga olib o‘tgan. Bu — radioizotoplar asosidagi yonilg‘i unsurlari (RITEG) va AQShning NASA kosmik agentligi tomonidan ishlab chiqilayotgan Kilopower loyihasidagiga o‘xshash kam quvvatli mitti reaktor.
Radioizotop yadrolarining tabiiy (ya’ni, zanjir reaksiyasisiz) parchalanishi natijasida ajralib chiqadigan quvvatdan foydalanuvchi yonilg‘i unsurlaridan 1960-yillardan beri, uzoq vaqt davomida ishlashi kerak bo‘lgan va uskunalariga muntazam texnik xizmat ko‘rsatish imkoni yo‘q o‘rinlarda keng foydalanib kelinadi. Masalan, Arktikadagi navigatsiya mayoqlarida yoki avtomatik kosmik qurilmalarda.
Sarov markazi rahbariyati tomonidan tilga olingan Kilopower reaktori NASA tomonidan kosmik qurilmalar uchun ishlab chiqilgan. RITEGdan farqli o‘laroq, u to‘laqonli zanjir reaksiyasi natijasida olinadigan energiyadan foydalanadi. Bunday reaktorning quvvati ko‘p emas — bir kilovattdan 10 kilovattgacha; uning kosmik tadqiqotlar uchun qiziq jihati — xizmat ko‘rsatish muddati 15 yilgacha yetadi.
“Biroq biz hozircha yo RITEGdan, yo kilovatt sinfiga mansub kam quvvatli reaktorlardan foydalanishi mumkin bo‘lgan birorta raketa dvigateli haqida bilmaymiz”, — deb yozadi Meduza.
Radioizotopli yonilg‘i unsurlaridan, ehtimol, hozirda ishlab chiqilayotgan “Skif” suv ostida joylashuvchi ballistik raketa majmuasida foydalanilayotgan bo‘lishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, majmua parvoz signalini kutib dengiz ostida yotadigan raketali konteynerdan iborat bo‘ladi. Biroq agar raketada RITEGlardan foydalanilayotgan bo‘lsa ham, bu dvigatelni ishlatish uchun emas, balki butun majmuani quvvat bilan ta’minlash uchun mo‘ljallangan. Nima bo‘lganda ham, “Skif” qanday tuzilgani haqida ma’lumot juda kam — majmua haqidagi axborot maxfiy. Radioizotopli yonilg‘i unsurlaridan foydalanadigan boshqa loyihalar ham mavjudligini istisno qilib bo‘lmaydi.
Hozircha ixcham yadroviy reaktorlardan (taxminlarga ko‘ra) foydalaniladigan ikkita istiqbolli loyiha haqida ma’lum: “Burevestnik” qanotli raketasi va “Poseydon” pilotsiz suvosti qurilmasi. Biroq bu reaktorlar nisbatan kuchliroq bo‘lishi kerak.
Ko‘plab ekspertlarning fikricha, Oq dengizda aynan “Burevestnik” portlagan. AQSh prezidenti Donald Tramp ham shunday deb yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShda shunga o‘xshash, lekin ancha takomillashgan texnologiyalar bor, ruslarning urinishi esa “yaxshi chiqmagan”.
“Burevestnik” nima o‘zi?
Raketa haqida prezident Vladimir Putin aytganidan ko‘proq narsa ma’lum emas. 2018-yili parlamentga murojaatnoma bilan chiqish qilarkan, Rossiya davlat rahbari NATOning zamonaviy raketaga qarshi mudofaasini aylanib o‘ta oladigan yangi qurol turlari qatorida “harakat radiusi deyarli cheklanmagan” yadroviy dvigatelli raketani ni ham e’lon qilgan edi. Shundan beri “xalq so‘rovnomasi” yakunlariga ko‘ra “Burevestnik” (“Bo‘ronqush”) deb atashga qarorga qilingan raketa sinovdan o‘tkazilayotgani haqida bir necha xabar chiqdi, shuningdek, raketani angarda yig‘ish va sinash jarayonidan videolar e’lon qilindi.Videorolikdan raketa oddiy dvigatel yordamida havoga ko‘tarilishi, kerakli tezlikka erishgach esa yadroviy ustanovka ishga tushishi haqida xulosa qilindi. Start dvigateli qattiq yonilg‘ida ishlaydi, deb hisoblanayotgan edi (Severodvinsk ostonasidagi avariya haqidagi xabarlarda esa suyuq yonilg‘i tilga olinmoqda).
Rossiyalik harbiylarning anonim tarzda qayd etishicha, “Burevestnik”ning dvigateli sinovlari 2019-yil boshida muvaffaqiyatli o‘tgan. Amerikalik razvedkachilar esa (ular ham o‘z ismini oshkor qilmagan) esa, aksincha, 13 ta raketa sinovidan birortasi to‘liq muvaffaqiyatli chiqmaganini ta’kidlamoqda. Rossiyalik harbiy tilga olgan 2019-yil boshidagi sinov, amerikaliklarning ma’lumotlariga ko‘ra, “qisman muvaffaqiyatli” bo‘lgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, start (oddiy) dvigateldan yadroviysiga o‘tishda raketada har safar muammolar yuzaga kelgan.
Aynan “Burevestnik” portlaganini tasdiqlovchi qanday dalillar bor?
Bor dalillarning bari — faqat bilvosita. Lekin radiatsiya tarqalishini boshqa biror turdagi raketa bilan bog‘lash qiyinligi haqidagi umumiy fikrdan tashqari, aniq gaplar ham yo‘q emas.Shu vaqtgacha “Burevestnik” aholi punktlaridan juda uzoqda joylashgan Novaya Zemlyadagi yadroviy poligonda sinovdan o‘tkazilyapti, deb hisoblanardi. Biroq Middlberi institutining raketa va yadroviy qurol masalalari bilan shug‘ullanuvchi Jeffri Lyuis guruhi turli yillarda olingan tijoriy sun’iy yo‘ldoshlarning suratlarini o‘rganib chiqib, Novaya Zemlyadagi baza 2018-yilda yopilganini, unga juda o‘xshash baza esa 2019-yil bahorida (yoki undan ham oldinroq) Nyonoksada paydo bo‘lganini aniqlagan. Bu — aynan “Burevestnik” sinovdan o‘tkazilganini tasdiqlovchi birinchi dalil.
First, Russia appears to have recently moved SSC-X-9 testing to Nenoksa. In the past year, Russia built a launch area that closely resembles the one removed from Novaya Zemlya with a shelter on rails. (Also, blue shipping containers!) pic.twitter.com/yMCDVFt51t
— Dr. Jeffrey Lewis (@ArmsControlWonk) August 10, 2019
Ikkinchidan, Rossiya 8—11-avgust kunlari Oq dengiz bilan Novaya Zemlya oralig‘idagi juda katta hududda parvoz qilish xavfli ekani haqida fuqarolik aviatsiyasi uchuvchilarini ogohlantirgan edi; shuningdek, shu hududdan o‘tgan xalqaro aviatsiya trassasining bir qismi ham yopilgan edi. Taqiqlangan hudud joylashuvidan xulosa qilinsa, taqiqlar aynan Nyonoksadagi sinovlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, sinalayotgan raketa yo‘nalishini ham taxmin qilish mumkin — Nyonoksadan Novaya Zemlyadagi yadro poligoniga, ya’ni, avvalgi sinovlar vaqtida “Burevestnik”lar qulagan joyga.
A question to the experts: does this NOTAM Q4201/19 featuring areas roughly following a flightpath to and along the Central Test Site of Russia at Novaya Zemlya support a hypothesis that a failed SSC-X-9 nuclear-powered cruise missile test was conducted on August 9th? pic.twitter.com/tApqrFfXPt
— Ilya A. (@ain92ru) August 9, 2019
E’tiborga molik jihati, Rossiya ushbu hududni bundan avval ham parvozlar uchun yopgan edi. Fuqarolik aviatsiyasining amaldagi uchuvchisi ismi sir qolishi sharti bilan Meduza‘ga ma’lum qilishicha, parvozga cheklovlar tez-tez kuzatiladi: bu harbiylarning faoliyati bilan ham, meteozondlar yoki boshqa qurilmalarni uchirish bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Uchinchidan, “Burevestnik”lar uchun dvigatel yaratish bilan aynan “Rosatom” shug‘ullangan. Ish haqidagi e’lonlardan xulosa qilinsa, halok bo‘lgan sinovchilar ishlagan Sarov markazining 12-konstruktorlik byurosi (KB-12) qandaydir sirli “maxsus qurilma” ustida ish olib borgan. Sarov shaharchasi forumlarida byurodagi maosh markazdagi o‘rtacha oylikdan yuqori ekani, KBning o‘zi esa, boshqa bo‘linmalardan farqli ravishda, juda katta va muhim bir loyiha ustida ishlayotgani ko‘p muhokama qilingan.
Izoh (0)