O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-avgust kuni Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Litsyun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston va OIIB o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik ijobiy sur’at bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Bank mamlakatda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarni faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Bugungi kunda Buxoro viloyatida suv ta’minoti va suv oqizish tizimlarini rivojlantirish, avtomobil yo‘llarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati 1,3 milliard dollardan ziyod bo‘lgan ilk investitsiya loyihalarini tayyorlash ishlari yakuniga yetmoqda.

Qoraqalpog‘iston va boshqa hududlarda ijtimoiy, kommunal va transport infratuzilmani modernizatsiya qilish, sanoat korxonalari va kichik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, shuningdek, mintaqaviy savdoni rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 1,6 milliard dollardan ortiq istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Amaliy hamkorlikni kengaytirish va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining moliyaviy resurslarini jalb qilgan holda yangi dasturlarni ilgari surish masalalariga bag‘ishlangan bugungi davra suhbati muvaffaqiyatli bo‘lgani alohida qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Samarali hamkorlik bo‘yicha o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilish, shuningdek, sheriklik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ikki tomonlama tadbirlar o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

OIIB prezidenti davlat rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda mamlakatda ustuvor loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish yo‘lida aniq choralar ko‘rish taklifini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Szin Litsyun O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror taraqqiyotini ta’minlash maqsadida bank mamlakat bilan keng ko‘lamli hamkorlikni mustahkamlashga qat’iy intilishini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati