Futbol muxlislari orziqib kutgan Angliya Premyer ligasining yangi mavsumiga ham start berildi. 1-tur qiziqarli to‘qnashuvlar va ko‘plab gollarni taqdim etdi. “Daryo” tur tafsilotlarini e’tiboringizga havola etadi.

“Liverpul”—“Norvich”

Foto: Twitter

Turni o‘tgan mavsum 99 ochko bilan chempionlikdan bebahra qolgan Yurgen Klopp boshchiligidagi “Liverpul” o‘z maydonida “Norvich”ni qabul qilgan holda boshlab berdi.3 yillik tanaffusdan so‘ng Premyer ligaga qaytgan “kanareykalar”ning birinchi yurishi esa omadli chiqmadi. Uchrashuvning 7-daqiqasida Divok Origining qanotdan uzatgan to‘pini “Norvich” sardori Grant Henli o‘z darvozasiga yo‘llab, “qizillar”ning hisobda oldinga chiqib olishini ta’minladi. Oradan 12 daqiqa o‘tib, o‘tgan yilgi “Oltin butsa” sohiblaridan biri misrlik Muhammad Saloh ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘yishga erishdi. Klopp shogirdlari bo‘lim oxiriga qadar Virjil van Deyk hamda Divok Origilarning bittadan kiritgan gollari evaziga hisobni yirik 4:0 ko‘rinishiga olib keldi. “Norvich” esa bu gollarga ikkinchi bo‘limda faqatgina bir marta Pukkining goli bilan javob qaytardi.

Shu tariqa “Liverpul” yangi mavsumda ham maqsadi jiddiy ekanligini ko‘rsatdi. Biroq bu g‘alaba “qizillar”ga unchalik tatimagani ham rost. Boisi, jamoaning asosiy posboni Alisson jarohat olib, 6 haftaga safdan chiqdi.

“Vest Hem”—“Manchester Siti”

Foto: Twitter

Yangi mavsumda ham chempionlikka asosiy da’vogar sifatida qaralayotgan “Manchester Siti” Londonda “Vest Hem” mehmoni bo‘lib, yirik hisobdagi g‘alabani tantana qildi. Uchrashuvning 25-daqiqasida hisobni Gabriel Jezus ochdi. Gvardiola shogirdlarini ikkinchi bo‘limda to‘xtatib qolishning umuman ilojisi bo‘lmadi. Rahim Sterling het-trikka erishgan bo‘lsa, zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Serxio Aguero ham o‘z nomiga bitta gol yozdirib qo‘ydi. Qayd etish joiz, shu kuni Manuel Pellegrini jamoasi safida yozgi transferlar vaqtida sotib olingan Pablo Fornals, Sebastian Aller Premyer ligadagini debyutini o‘tkazgan bo‘lsa, “Siti” safida bunday imkoniyatga deyarli 80 million yevroga xarid qilingan Rodri Ernandes ega bo‘ldi.

Uchrashuvdagi qiziqarli holatlardan biri 86-daqiqada yuz berdi. Mezbonlar darvozasiga belgilangan penaltini Serxio Aguero amalga oshirdi. Zarbani esa Lukas Fabianski qaytarishga erishdi. Ammo uchrashuv hakami Maykl Din VAR orqali penaltini qayta tepilishi kerakligini ko‘rsatdi. Boisi,penalti tepilayotgan vaziyatda Fabianskining ikkala oyog‘i ham darvoza chizig‘idan ilgarilab ketgandi. Serxio esa ikkinchi urinishdan unumli foydalandi.

“Tottenhem”—“Aston Villa”

Foto: Twitter

Mavsum boshlanishidan oldin “Tottenhem” bu yil kuchli to‘rtlikka kirish uchun emas, balki chempionlik uchun kurashishini ta’kidlagan Maurisio Pochchetino jamoasi Premyer ligaga qaytgan “Aston Villa”ni mag‘lub etishda qiynalgani rost. Boisi, o‘yinda hisobni 9-daqiqadayoq ochgan “Villa” butun bellashuv davomida himoyada o‘ta zich o‘yin ko‘rsatdi. Gol urishning hadeganda imkoni bo‘lavermagach, Pochettino 64-daqiqada Kristian Eriksenni o‘yinga tashladi. 73-daqiqaga kelib esa “shporlar”ning tarixdagi eng qimmatbaho transferiga aylangan Tanguy Ndombele uzoq davom etgan hujumni chiroyli zarbasi bilan yakunladi. Shundan so‘ng katta sahnaga jamoa to‘purari Harri Keyn chiqdi. Angliya terma jamoasi sardori 4 daqiqa ichida ikkita gol urib, “Tottenhem”ning ishonchli g‘alabasini ta’minladi.

“Nyukasl”—“Arsenal”

Foto: Twitter

Yozgi transferlar vaqtida yangi futbolchilarni sotib olishga atigi 45 million funti bor deya jar solingan, oqibatda tarkibini 72 million funtlik o‘yinchi bilan to‘ldirib olgan “Arsenal” musobaqaning ilk turida “Nyukasl” mehmoni bo‘lib, g‘alaba bilan ortga qaytdi. O‘yindagi yagona golni esa Meytlend-Naylzning ajoyib uzatmasidan so‘ng o‘tgan yilgi “Oltin butsa”ning uch sohibidan biri bo‘lgan Pyer-Emerik Obameyang slovakiyalik Martin Dubravka qo‘riqlayotgan darvozaga sovuqqonlik bilan joylab qo‘ydi. Shu kuni London klubi safida Gabriel Martinelli, Dani Sebalyos, Nikolya Pepelar Premyer ligadagi debyut uchrashuvini o‘tkazdi.

“Manchester Yunayted”—“Chelsi”

Foto: Twitter/@ManUtd

Turning so‘nggi va so‘zsiz markaziy uchrashuvi Manchesterdagi “Old Trafford” stadionida kechdi. Unda Ole-Gunnar Sulsher qo‘l ostidagi “Manchester Yunayted” Frenk Lempard qo‘l ostiga o‘tgan “Chelsi” bilan bellashdi. Uchrashuvdagi dastlabki gol Markus Reshford tomonidan kiritildi. Reshford o‘ziga nisbatan Kurt Zuma tarafidan ishlatilgan qo‘pollik uchun belgilangan penaltini aniq amalga oshirdi. Birinchi bo‘limda “Chelsi” ancha faollik ko‘rsatib, hisobni tenglashtirishga harakat qilgan bo‘lsa-da, buning uddasidan chiqa olmadi. Ikkinchi bo‘lim esa to‘liqligicha “qizil iblislar”ga ataldi. Avvaliga Andreas Perreyraning uzatmasini yangi mavsumda yana 9-raqam egasiga aylangan Antoni Marsial Kepa darvozasiga joylab qo‘ygan bo‘lsa, oradan 2 daqiqa o‘tib Markus Reshford klubdan ketishi mumkinligi ovoza qilinayotgan Pol Pogbaning maydon markazidan uzoqroq hududdan uzatgan zargarona pasidan so‘ng hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirdi. Uchrashuvdagi so‘nggi gol ham Pol Pogbaning qoyilmaqom yurishidan so‘ng kiritildi. Yozgi transferlar vaqtida xarid qilingan Deniel Jeyms zaxiradan maydonga tushib, Premyer ligadagi debyut o‘yinini gol bilan nishonladi.

O‘yinlarda kiritilgan barcha gollarni @daryo_sport Telegram kanalida tomosha qilish mumkin.

Shu tariqa Angliya Premyer ligasining 1-turi o‘z nihoyasiga yetdi. Keyingi tur tafsilotlari orqali g‘oyibdan ko‘rishguncha deb qolamiz, aziz muxlis.

APL

1-tur bahslari

9-avgust, juma

“Liverpul”—“Norvich” 4:1

Gollar: 1:0 — 7, avtogol, Henli, 2:0 — 19 Saloh, 3:0 — 28 van Deyk, 4:0 — 42 Origi, 4:1 — 64 Pukki

10-avgust, shanba

“Vest Hem” – “Manchester Siti” 0:5

Gollar: 0:1 – 25 Gabriel Jezus, 0:2 – 51 Sterling, 0:3 – 75 Sterling, 0:4 – 86, penalti Aguero, 0:5 – 90+2 Sterling.

“Bornmut”—“Sheffild Yunayted” 1:1

Gollar: 1:0 — 62 Mifem, 1:1 — 88 Sharp

“Byornli”—“Sauthempton” 3:0

Gollar: 1:0 — 63 Barns, 2:0 — 70 Barns, 3:0 — 75 Gudmundsson

“Kristal Pelas”—“Everton” 0:0

“Uotford”—“Brayton” 0:3

Gollar: 0:1 — 28, avtogol, Dukure, 0:2 — 65 Andone, 0:3 — 77 Mope

“Tottenhem”—“Aston Villa” 3:1

Gollar: 0:1 — 9 Makginn, 1:1 — 73 Ndombele, 2:1 — 86 Keyn, 3:1 — 90 Keyn

11-avgust, yakshanba

“Lester”—“Vulverhempton” 0:0

“Nyukasl”—“Arsenal” 0:1

Gol: 0:1 — 58 Obamyeng

“Manchester Yunayted”—“Chelsi” 4:0

Gollar: 1:0 – 18, penalti Reshford, 2:0 – 65 Marsial, 3:0 – 67 Reshford, 4:0 – 81 Jeyms.

Muallif:Asror Abdunazarov