Bugun – 2008-yil 8-avgust sanasida boshlangan Gruziya – Rossiya urushi voqealariga roppa-rosa 11 yil bo‘ldi. O‘shanda nimalar bo‘lgan? Nega bu urush sodir bo‘ldi? “Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh shu haqda hikoya qiladi.
Besh kun davom etib, Gruziyaning mag‘lubiyati bilan tugagan Gruziya – Rossiya urushining kelib chiqish sabablari 1990–1991-yillarda SSSRda turli millatlarning milliy ozodlik harakatlariga borib taqaladi.
SSSR paytida Gruziyada uchta muxtor hudud bor edi. Bular – Abxaziya, Janubiy Osetiya va Ajariya. Shulardan Ajariya va Abxaziya muxtor respublika, Janubiy Osetiya esa muxtor viloyat maqomida edi. 1990–1991-yillarda Janubiy Osetiya va Abxaziyada mustaqillik uchun harakatlar boshlandi va ular Gruziyadan bir tomonlama ajralib chiqib, o‘zlarini mustaqil deb e’lon qildi. Rasmiy Tbilisi ularning bu xatti-harakatlariga jim qarab turmadi va darhol o‘zboshimcha hududlarga qo‘shin tashladi. O‘rtada urush boshlandi. Voqeaga Rossiya aralashdi va xalqaro tashkilotlardan birining ruxsatini olib, ikkinchisining rad javobiga qaramay, tinchlikparvar kuchlar maqomi ostida Abxaziya va Janubiy Osetiyaning Gruziya bilan chegarasiga o‘z harbiylarini joylashtirdi. Shundan so‘ng uzoq yillar davomida har-har zamonda chegarada bo‘lib turadigan kichik to‘qnashuvlarni aytmaganda Abxaziya va Janubiy Osetiya Rossiya himoyasida Gruziyadan ayri holda yashadi.
2004-yili Gruziyadagi “rangli inqilob” natijasida mamlakat rahbari bo‘lib kelgan Saakashvili 2008-yilda “itoatsiz” hududlarni Gruziyaga qayta qo‘shib olish uchun dastlab Janubiy Osetiyaga qo‘shin kiritdi. Rus OAV “Gruziya bombardimonchi samolyotlari Janubiy Osetiyaning poytaxti Sxinvaliga havoda raketa zarbalari ham bergan edi” deb yozdi, yozyapti ham. Ammo bu o‘z tasdig‘ini topmadi. Gruziyaning quruqlikdagi qo‘shinlari og‘ir harbiy texnika bilan Sxinvaliga bostirib kirdi. Shundan so‘ng ishga Rossiya aralashdi va Gruziyaga qarshi urush e’lon qildi. Rossiya rahbariyati, rus siyosatchilari Kreml Tbilisiga urush e’lon qilib, bostirib kirganini “Rossiyaning Gruziyaga urush e’lon qilishi Rossiya fuqarolari va vatandoshlarini himoya qilish bo‘lgan edi” deb oqlaydi. O‘rtaga “fuqarolari va vatandoshlarini” qo‘shishlarining sababi esa Rossiya 1992-yildan Janubiy Osetiya va Abxaziya aholisiga o‘z pasportini berib, ularni fuqarolari safiga qo‘shib kelayotganidir.
Shu o‘rinda eslatma: xabaringiz bor, Rossiya Ukraina hududidagi bahsli Donetsk va Lugansk “xalq respublikalari” aholisiga ham xalqaro qonun-qoidalarga zid ravishda Rossiya pasportini beryapti.
Qisqasi, o‘sha mash’um urush boshlangan sanagacha Janubiy Osetiya va Abxaziya aholisining aksar qismiga Rossiya o‘z pasportlarini bergan edi. Shu tufayli ham Gruziya itoatsiz hududlarni markazga bo‘ysundirish uchun qurolli harakat boshlanganda bu mojaroga darrov Rossiya qo‘shildi va Gruziyaga bostirib kirib, kuchlar teng bo‘lmagani uchun besh kunda uni yengib qo‘ya qoldi.
Albatta, shu o‘rinda mojaroni qurol yordamida hal qilishga uringan Gruziyaning ham Janubiy Osetiyaga bostirib kirganini oqlab bo‘lmaydi. Lekin Rossiyaning ham “o‘z fuqarolari va vatandoshlarini himoya qilish uchun” qo‘shni mamlakatning ichki ishlariga aralashishi noto‘g‘ri ish bo‘lgan edi.
Shu o‘rinda bir voqeani eslab ketishni lozim topdim. Rossiyani Yelsin boshqargan paytda Checheniston g‘alayon ko‘tardi va Moskvadan bir tomonlama mustaqilligini e’lrn qildi. 1999-yilda mamlakat bosh vaziri bo‘lgan Putin Chechenistonga qarshi keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshladi. Xalqaro hamjamiyat Putinga mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishni tavsiya qilganda, u “Rossiyaning ichki ishlariga aralashmaslikni” maslahat bergan edi. Ne ajabki, oradan to‘qqiz yil o‘tib, uning o‘zi boshqalarning ichki ishlariga aralashdi. Aralashganda ham, harbiylari bilan boshqa bir mamlakat hududiga bostirib kirib, og‘ir asoratlar qoldirdi.
Quyida urush tafsilotlarini qisqacha keltiraman.
2008-yilning iyul oyi boshlarida Gruziya va Janubiy Osetiya tomonlari bir-birini chegarani buzib o‘tish va otishma keltirib chiqarishda ayblay boshladi.
Janubiy Osetiya Gruziyani poytaxt Sxinvalini og‘ir artilleriya bilan nishonga olganlikda ham aybladi.
11-iyulda Gruziyaning Moskvadagi elchisi Tbilisiga chaqirib olindi. Bunga sabab Rossiya harbiy samolyotlari Janubiy Osetiya bo‘ylab parvozlarni amalga oshirayotgani bo‘ldi. Buni rasmiy Moskva ham tan oldi.
Shu bilan birga, Janubiy Osetiya poytaxtidagi qariyalar, bolalar va ayollar avtobusga o‘tqizilib, Rossiyaga olib chiqila boshlandi.
Ikki taraf ham zimdan muqarrar urushga tayyorgarlik ko‘rar edi.
Iyul oyining ikkinchi yarmida Gruziyada “Tezkor javob” nomli Gruziya va AQSh harbiylari o‘rtasida qo‘shma harbiy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Bunga javoban Rossiya Shimoliy Kavkazda “Kavkaz – 2008” harbiy o‘quv mashqini o‘tkazdi. Moskva va Tbilisi bu o‘quv mashqlari urushga tayyorgarlik bo‘layotgani haqida bir-birlarini ayblab chiqdi va har ikki taraf ham buni inkor etdi.
7-avgust kuni soat taxminan 16:00 larda Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili “Mabodo Janubiy Osetiya tarafdan Gruziya tomonga otishma sodir etilsa, unga javob qaytarmaslik haqida buyruq bergani”ni aytdi. Uning bu bayonotidan so‘ng Janubiy Osetiya tomoni ham Gruziya tarafga o‘t ochish to‘xtatilganini e’lon qildi.
Ertasi kuni, 8-avgustda, Moskva vaqti bilan 13:00 da Janubiy Osetiya va Gruziya Rossiya vositachiligida ikki tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish haqida shartnoma imzolashi rejalashtirilgan edi. Biroq har ikki tomon tinchlik bitimi imzolashni emas, urush boshlashni o‘ylayotgan ekan.
Aynan o‘sha kuni tan olinmagan Janubiy Osetiya respublikasi xavfsizlik kengashi raisi Anatoliy Barankevich “RIA Novosti” axborot agentligiga qo‘ng‘iroq qilib, Gruziyadan Sxinvali tomon tank va og‘ir artilleriyadan iborat katta qo‘shin harakatlanib kelayotganini xabarini berdi.
Janubiy Osetiya poytaxtini Gruziya og‘ir artilleriyasi qattiq o‘qqa tutgani haqidagi ilk xabar o‘sha kuni tushdan keyin chiqdi.
Gruziya armiyasi “Grad”lar yordamida Sxinvalini o‘qqa tutdi. Sxinvali tomon Gruziya armiyasining zirhli texnikasi, tanklari harakatlana boshladi.
Rossiya tinchlikparvar kuchlarining Janubiy Osetiyadagi qo‘mondoni Marat Kulaxmedovning ma’lum qilishicha, Gruziya harbiy-havo kuchlariga qarashli Su-25 bombardimonchi samolyotlari Sxinvaliga havodan raketa hujumlari uyushtirgan. Bu xabar haligacha tasdiqlanmadi.
Gruziya “itoatsiz hududlaridan biri” Janubiy Osetiyani qayta bo‘ysundirish maqsadida bu respublika hududidagi ayirmachilarga qarshi urushni ertalab boshlagan bo‘lsa ham, bu haqda 8-avgustdan 9-avgustga o‘tar kechasi e’lon qildi.
Birozdan so‘ng Gruziyaning o‘sha paytdagi rivojlanish vaziri Temur Yakobashvili “Bu urushdan maqsad Janubiy Osetiyani zabt etish, uning shahar va qishloqlarini bosib olish emas, oxirgi paytlarda chegaraoldi hududlarda yashayotgan Gruziya fuqarolarining hayotiga doimiy ravishda xavf solib kelayotgan ayirmachi, buzg‘unchi to‘dalarning dodini berish” ekani haqida bayonot berdi.
9-avgust kuni ertalab Gruziya bosh vaziri Lado Gurganidze urush boshlanishiga Janubiy Osetiyani ayblab, “Ular oxirgi paytlarda juda haddidan oshib ketgan edi, bugun nihoyat ularning aqli kiritib qo‘yiladi” dedi.
9-avgust kuni ertalab urush haqida dunyo xabar topib bo‘lganidan so‘ng Rossiyaning talabi bilan BMT Xavfsizlik kengashi maslahat uchun yig‘ildi. Kengash yopiq eshiklar ortida ikki soat davom etgan muzokaralarda bir to‘xtamga kela olmadi. Kengash vakillari har ikki tarafga darhol o‘t ochishni to‘xtatish talabini qo‘ydi. Lekin ular bunga rozi bo‘lmadi.
BMT bosh kotibi Pan Gi Mun Janubiy Osetiyadagi vaziyatdan tashvishda ekanini bildirib, har ikki tomon o‘q otishni tezroq va mutlaqo to‘xtatishiga umid bildirdi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar masalalari bo‘yicha vakili Xavyer Solana, NATO bosh kotibi Yaap de Xoop Sxeffer va AQSh davlat departamenti vakili har ikki tarafni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatib muzokaralar stoliga tezroq o‘tirishga chaqirdi. Lekin bu chaqiriq va talablar e’tiborsiz qoldirildi. Shundan so‘ng Janubiy Osetiya Rossiyaga yordam so‘rab murojat qildi. “Biz Rossiyadan tezkorlik bilan yordam berishini so‘raymiz. Aks holda bu respublikada tirik jon qolmaydi” deb bayonot berdi Janubiy Osetiya Xavfsizlik kengashi raisi Anatoliy Barankevich.
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Shimoliy Kavkazdagi Rossiya harbiylari, jumladan, 58-armiya qismlari Janubiy Osetiya rahbariyati Rossiyadan yordam so‘rashidan avval Moskvaning ko‘rsatmasi bilan Sxinvali tomon harakatlanishni boshlagan ekan.
Urush boshlanguncha Pekin Olimpiadasining ochilish marosimiga faxriy mehmon sifatida tashrif buyurgan Rossiya bosh vaziri Vladimir Putin Xitoydan turib “Gruziya rahbariyati Janubiy Osetiyaga nisbatan juda agressiv yo‘l tutdi. Buning ortidan jangovar harakatlar boshlandi. Biz Gruziyaning bu agressiyasini javobsiz qoldirmaymiz” dedi. Biroq Gruziyaga qanday javob berilishini ochiqlamadi.
9-avgust kuni, Moskva vaqti bilan soat 13:24 da Rossiya mudofaa vaziri Gruziyaga qarshi harbiy harakatlar boshlanayotgani haqida bayonot berdi. Oradan ikki soat o‘tib, Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev to‘g‘ridan to‘g‘ri teleefirda “Rossiya har doim Kavkaz xalqlari uchun tinchlikni ta’minlash kafolati bo‘lib kelgani va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolishi” haqida gapirdi.
Medvedev “Rossiya konstitutsiyasi va federal qonunlariga muvofiq Rossiya prezidenti fuqarolarni va vatandoshlarni ular qayerda, qanday holatda bo‘lishidan qat’iy nazar munosib himoya qila olishi” haqida to‘lqinlanib gapirdi. U o‘z so‘zlarida Rossiya qo‘shinlari Janubiy Osetiya va Gruziyaga kiritilayotgani haqida lom-lim demadi. Uning nutqi Rossiyadagi barcha telekanallar orqali uzatildi.
Aslida Rossiya harbiylari jangovar harakatlarni Gruziya armiyasi Janubiy Osetiyaga bostirib kirgan paytdan boshlagan edi. Rossiyaning Janubiy Osetiya bilan chegarasida joylashgan 58-armiyasi 8-avgust kuniyoq jangovar holatga keltirilib, Gruziya armiyasiga qarshi jang qilish uchun janub tomon harakatlangan edi. O‘shanda 58-armiya tarkibida 1 500 harbiy, 14 ta T-72 tanki, 16 ta “Akatsiya” rusumli harbiy texnika, to‘qqizta “Grad” artilleriya qurilmasi va ko‘plab BMP bor edi.
8-avgust kuni Janubiy Osetiya poytaxti Sxinvali shahrida Gruziya harbiylari va “tinchlikparvar kuchlar” rolini o‘ynayotgan Rossiya harbiy kuchlari o‘rtasida jang boshlanib ketdi. Gruziya armiyasi bu paytda shaharni o‘rab olgan va uni egallash uchun oxirgi janglar ketayotgan edi. Bu paytda esa 58-armiya Rossiyaning boshqa qo‘shinlari bilan birga Sxinvali tomon harakatlanar edi.
9-avgust kuni soat 11:30 da Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili mamlakat bo‘ylab jangovar shaylik e’lon qildi. Tushdan keyin Rossiya harbiy-havo kuchlari 4-armiyasiga qarashli Su-24, Su-25 bombardimonchi samolyotlari Sxinvalidagi Gruziya harbiylari egallagan istehkomlar hamda Gruziyaning harbiy bazalari tomon havodan raketa zarbalari bera boshladi. Shu bilan birga, Gruziya hududiga havodan desant tashlana boshlandi. Rossiya samolyotlari Gori, Vaziani, Marneulidagi harbiy aerodromlarga ham raketa zarbalari berdi.
9-avgust kuni tushdan keyin Gruziya prezidenti CNN telekanaliga bergan intervyusida “Rossiya hududimizga allaqachon bostirib kirib bo‘lgan va biz Rossiya bilan o‘z hududimizda jang olib boryapmiz” dedi. Kechga boribgina Rossiya mudofaa vazirligi Janubiy Osetiyaga qo‘shimcha kuchlar jo‘natilgani haqida rasmiy xabar berdi.
58-armiya bo‘linmalari bilan janglar natijasida Gruziya harbiylari Sxinvalida yengilib, shaharni tashlab chiqishga majbur bo‘ldi.
9-avgust kuni soat 11:00 da Moskva rasmiy ravishda Gruziyaga 76-Pskov desant diviziyasini tashlaganini ma’lum qildi. Gruziyaga Moskva va Ivanovo shaharlari yaqinidagi harbiy bazadan ham harbiy-havo kuchlariga qarashli qiruvchi samolyotlar va desantchilar jo‘natildi.
9-avgust kuni kechki payt Rossiya tomoni Sxinvalidan Gruziya armiyasi to‘liq siqib chiqarilgani, 15 harbiy halok bo‘lgani, 150 nafari jarohatlangani hamda Su-25 va Tu-22M3 samolyotlari Gruziya armiyasi tomonidan urib tushirilgani haqida rasmiy ma’lumot berdi.
9 avgust kuni soat 15:00 da Gruziya parlamenti mamlakatda 15 kunlik harbiy holat e’lon qildi. Urushda mag‘lub bo‘layotgan Gruziya prezidenti Rossiya prezidentini o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shinlarni mamlakat hududidan olib chiqib ketishga chaqirdi.
9-avgust kuni Rossiya bosh vaziri Vladimir Putin Vladikavkazga uchib keldi. Uning tashrifini Rossiya telekanallari keng yoritdi. U Shimoliy Osetiyadagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishgani, hududni rivojlantirish maqsadida Markazdan qo‘shimcha mablag‘ berilishini aytgani telekanallar orqali takror-takror ko‘rsatildi. Biroq u Gruziya – Rossiya harbiy mojarosi haqida umuman gapirmadi.
10-avgust kuni ham harbiy to‘qnashuvlar davom etdi. 11-avgust kuni Rossiya harbiylari Tbilisi tomon harakatlana boshladi.
12-avgust kuni Moskvaga Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi tashrif buyurib, rossiyalik hamkasbi Medvedev va bosh vazir Putin bilan Gruziyadagi harbiy harakatlarni to‘xtatish masalasida muzokaralar o‘tkazdi. Sarkozi ayni paytda Yevropa Kengashi raisi edi.
12-avgust kuni Gruziya armiyasi Rossiya armiyasiga qarshilik ko‘rsata olmay qoldi. Shu tufayli harbiy harakatlar to‘xtatildi. Ammo Rossiya armiyasi 16-avgustga qadar Gruziyada o‘zi egallagan pozitsiyalarda qoldi.
Rossiya armiyasidan urushda 64 harbiy xizmatchi halok bo‘lgan, 283 harbiy yarador bo‘lgan, uch harbiy bedarak yo‘qolgan, oltita harbiy samolyot yo‘qotilgan. Keyinchalik urushda qatnashib, iste’foga chiqqan rus harbiylari samolyotlarning uchtasi Gruziya harbiylari tomonidan, yana uchtasi anglashilmovchilik tufayli Rossiya harbiylari tomonidan urib tushirilganini aytgan. Lekin Rossiya samolyotlarini o‘z harbiylari urib tushirganini hanuzgacha tan olmaydi.
Gruziya tomonining ma’lum qilishicha, mojaroda 179 harbiy halok bo‘lgan, 1 964 harbiy va politsiyachi yarador bo‘lgan. Mamlakatning bir qismi vayron bo‘lgan.
Gruziya – Rossiya urushi tugaganidan so‘ng Tbilisi amalda ikki itoatsiz hududi – Janubiy Osetiya va Abxaziyadan batamom ajradi. Rossiya 2008-yil 26-avgust kuni ushbu respublikalarning mustaqilligini tan oldi va har ikkalasining hududida Rossiya harbiy bazalarini joylashtirib, bugungi kungacha ularning Gruziya bilan chegarasini qo‘riqlab kelmoqda.
Rossiya Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini tan olganidan ikki kun o‘tib, 28-avgustda Gruziya parlamenti Rossiya bilan barcha aloqalarni, hatto diplomatik bog‘larni uzish haqida qaror qabul qildi va bu haqda Rossiyaning Tbilisidagi elchisiga xat kiritildi. 3-sentabr kuni Moskva Tbilisidagi elchixonasini yopdi va elchilarini ortga qaytardi. Gruziya bilan iqtisodiy aloqalarni uzdi, mamlakat mahsulotlarini kiritmay qo‘ydi. Butun Rossiya bo‘ylab Gruziya fuqarolarini ushlash va deportatsiya qilish boshlanib ketdi. Ayrim rossiyalik siyosatchilar “Gruziya mahsulotlarini Rossiyaga kirishini taqiqladik, Rossiyada yurgan gruziyaliklarni quvdik, endi ertaga ochidan o‘lmaslik uchun gurjilar prezidenti oldimizga yalinib keladi” deb ham gapirdi. Lekin bunday bo‘lmadi. Mag‘rur Gruziya och qolsa qoldi, qiynalsa qiynaldi, Rossiyaga yalinib bormadi. Qaytaga kurash bu xalqni irodasini tobladi. Bu mamlakat rahbarlari Saakashvili boshlab bergan islohotlarni davom ettirib, mamlakatda korrupsiyani maksimal darajada kamaytirib, iqtisodiyotni va sayyohlikni rivojlantirib, nafaqat urushdan oldingi mavqeini tikladi, balki yanada rivojlantirdi. Gruziyaning sayyohlik sohasida erishgan muvaffaqiyatlari tahsinga sazovor. Mamlakatga aholisi 3 million atrofida bo‘lgan holda 2018-yilda 8 million atrofida sayyoh kelgan.
O‘sha voqealardan keyin to‘rt yil o‘tib Saakashvili mamlakat prezidentligini bo‘shatib berdi. Uning o‘rniga yangi prezident Georgiy Margvelashvili keldi. 2018-yil 28-oktabrda Salome Zurabishvili prezident etib saylandi. Lekin hech bir rahbar Rossiya bilan aloqalarni tiklashni xohlamadi.
Shu tariqa, hanuzgacha Rossiya va Gruziya o‘rtasida diplomatik aloqalar yo‘q. Shu o‘rinda “Diplomatik aloqalar bo‘lmasa, har ikki mamlakat manfaatlari to‘qnashganda ular qanday muzokara olib boradi?” degan savol tug‘ilishi mumkin. Manfaatlari to‘qnashganda va boshqa masalalarda ular Shveysariya vositachiligida aloqa qiladi. 2009-yil 5-mart kuni Shveysariyaning Moskvadagi elchixonasida “Gruziya manfaatlari bo‘limi” ochildi. O‘z navbatida, Shveysariyaning Tbilisidagi elchixonasida ham “Rossiya manfaatlari bo‘limi” ochilgan.
Eng muhimi, Gruziya butun dunyoga muhim bir narsani – katta davlatning qo‘shnisi bo‘lib, nimadir sabab bilan o‘sha qo‘shnining qahriga uchrab, u bilan har qanday aloqalarni to‘xtatib ham binoyiday yashab ketish, hatto rivojlanish mumkinligini isbotladi.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.