Bugun, 5-avgust kuni Namangan viloyatidagi To‘raqo‘rg‘on IESda birinchi gaz turbinasi ishga tushirildi. Bu haqda O‘zbekiston energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Ayni vaqtda IES sinov rejimida faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, noyabr oyidan to‘liq ishga tushiriladi.

Birinchi qurilmani 2019-yilning sentabr oyida, ikkinchisini esa noyabr oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgandi. Yangi avlodga mansub energobloklar an’anaviy issiqlik elektr stansiyalari sarflaydigan yonilg‘i birligiga nisbatan ikki barobar ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bug‘-gaz qurilmalarida KPD taxminan 59 foizni tashkil etib, bu an’anaviy bug‘ generatorli stansiyalar ko‘rsatkichlaridan ancha yuqori bo‘lishi bilan birga, energobloklarning ish jarayonida atmosferaga chiqadigan zararli gazlar miqdori qariyb ikki baravarga kamayadi.