Monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan monopoliyaga qarshi qonunchiligi talablarini buzilganini ma’lum qildi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar berdi.
Qo‘mita axborot xizmatining xabar berishicha, 4-aprel kuni Xorazm viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimdagi barcha davolash profilaktika muassasalariga “Urganch kitob markazi” MChJdan kitob sotib olishda faol ishtirok etishni ta’minlash so‘ralgan ko‘rsatma xatini yuborgan. Bu bilan shartnomalar tuzishda ustunlik berish, ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyati uchun boshqa kamsituvchi yoki imtiyozli shartlar (sharoitlar) belgilanishi natijasida O‘zbekiston “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 12-moddasi talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Shunga o‘xshash holatga Jizzax viloyatida ham yo‘l qo‘yilgan. Xususan, Jizzax viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘zining xati bilan boshqarma tasarrufidagi shifoxonalar, birlashmalar, poliklinika va QFPlari tibbiy chiqindilarni tashish xizmati bo‘yicha “Maxsus tibbiy utilizatsiya” MChJ bilan shartnomalar tuzishga ko‘rsatma bergan. Natijada raqobatni cheklaydigan, ya’ni ayrim tadbirkorlik subyektlariga shartnomalar tuzishda ustunlik berish harakatlariga yo‘l qo‘yilgan.
Mazkur qonunbuzilish holati tegishli tartibda qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik bo‘yicha yuborilgan ko‘rsatma ijrosi ta’minlandi. Jizzax viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining qo‘shma buyrug‘ini qayta ko‘rib chiqilishiga erishildi.
Joriy yilning iyun oyidan e’tiboran, qo‘mita tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligining 11 ta hududiy boshqarmasi tomonidan 37 ta holatda raqobatni cheklaydigan harakatlarni sodir etish holatlari aniqlandi.
Aniqlangan barcha qonunbuzilish holatlari belgilangan tartibda qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi. 9 ta viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga nisbatan raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilish holatini belgilangan muddatda bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatma berildi, raqobatni cheklashga olib kelgan 3 ta hujjat bekor qilindi, 2 ta boshqarma tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi holati ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi.
Izoh (0)