Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati, tuman va shahar sudlari tomonidan joriy yilning 6 oyi mobaynida 2 ming 815 nafar shaxsga nisbatan 1 ming 985 ta jinoyat ishi ko‘rilib, tamomlangan. Tamomlangan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25,6 foizga kamaygan, bu haqda O‘zA xabar qiladi.
2 ming 348 nafar shaxsga nisbatan 1 ming 570 ta jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqarilgan bo‘lib, 460 nafar shaxsga nisbatan 408 ta jinoyat ishi tugatildi. Shuningdek, 38 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi va ajrimlari chiqarildi.
Toshkent viloyati Jinoyat, Fuqarolik, Ma’muriy va Iqtisodiy sudlari hamkorligida joriy yil 6 oy yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan navbatdagi brifingda shu haqda ma’lum qilindi.
Prezidentning 2018-yil 13-iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi farmoniga muvofiq, sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularning o‘rinbosarlari tomonidan brifinglar o‘tkazilishi belgilangan edi.
Mazkur farmon ijrosi yuzasidan tashkil etilgan navbatdagi anjumanda viloyat, tuman va shahar sudlari raislari, keng jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Unda viloyat sudlari tomonidan joriy yil 6 oyi mobaynida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
“Shu davrda 10 ming 81 ta fuqarolik ishi ko‘rib, tamomlandi. Ko‘rib tamomlangan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21 foizga kamaygan. Ulardan 8 ming 360 tasi bo‘yicha hal qiluv qarori chiqarilgan bo‘lib, 7 ming 185 ta da’vo qanoatlantirilgan. Shuningdek, 522 ta fuqarolik ishi bo‘yicha ish yuritish tugatilgan, 1 ming 199 ta fuqarolik ishi bo‘yicha da’vo arizalari ko‘rmasdan qoldirilgan”, — deydi Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi Olimjon Ismoilov.
Viloyat va tumanlararo iqtisodiy sudlarga joriy yilning yil 6 oyida 9 ming 352 ta ariza kelib tushgan. Ulardan 7 ming 225 tasi mazmunan ko‘rib chiqilib, 6 ming 106 ta da’vo arizasi qanoatlantirilgan. 725 tasi rad qilinib, 313 ta da’vo ko‘rmasdan qoldirilgan. 81 ta da’vo bo‘yicha ish yuritish tugatilgan.
Hal etilgan ishlar bo‘yicha 972 milliard 191 million 230 ming so‘m miqdoridagi qarz va yetkazilgan moddiy zararni da’vogar foydasiga undirish yuzasidan qaror qabul qilingan.
Sud qaroriga asosan undirilishi belgilangan davlat boji miqdori 23 milliard 281 million 390 ming so‘mni, ixtiyoriy to‘langan davlat boji miqdori esa 779 million 570 ming so‘mni tashkil etgan.
Sudlar tomonidan iqtisodiy nizolarni ko‘rish jarayonida aniqlangan qonun buzilish holatlari yuzasidan aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan 194 ta sud ta’sir chorasi qo‘llanilgan. Xususan, 35 shaxs ma’muriy, 79 nafari moddiy javobgarlikka tortilgan.
Shu davrda viloyat ma’muriy sudlari tomonidan 19 ming 275 shaxsga nisbatan 16 ming 299 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar birinchi bosqichda ko‘rib tamomlangan. Ko‘rib tamomlangan ishlar bo‘yicha 9 ming 406 shaxsga nisbatan 8,8 milliard so‘mlik jarima, 220 shaxsga nisbatan maxsus huquqdan mahrum qilish, 1 ming 579 shaxsga nisbatan ma’muriy qamoq, 62 shaxsga nisbatan respublika hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborish jazosi tayinlangan.
Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ayrim toifa ma’muriy huquqbuzarliklar, jumladan, tuhmat, haqorat qilish, mayda bezorilik ko‘paygan. Avtotransport bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar esa sezilarli darajada kamaygan.
Izoh (0)