Professional boksning ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasi vakili o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev (6 ta g‘alaba, 5 ta nokaut) mazkur vazn toifasida WBA chempionlik kamari uchun jang bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda GoSport xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda chempion Daniel Romanning (27 ta g‘alaba, 2 ta mag‘lubiyat, 1 ta durang, 10 ta nokaut) promouterlari Murodjon Ahmadaliyevga qarshi jang tashkil etishga rozilik bergan. Jang 14-sentabr kuni Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Tez orada bu borada rasmiy ma’lumot beriladi.
Avvalroq Romanning promouterlari WBA chempionlik kamarini vakant qoldirish va IBF kamari himoyasi uchun yaponiyalik Ryosuki Ivasaga (26 ta g‘alaba, 3 ta mag‘lubiyat, 16 ta nokaut) qarshi ringga ko‘tarilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Murodjon so‘nggi jangida meksikalik Karlos Karlsonga (23 ta g‘alaba, 6 ta mag‘lubiyat, 14 ta nokaut) qarshi ringga ko‘tarilib, raqibini 3-raunddayoq nokautga uchratgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)