Xo‘jayli tumanida joylashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi 1-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun harbiylar bilan uchrashuv odatdagidek samimiy va sermazmun kechdi. Harbiy libos kiygan yurt himoyachilariga havas bilan termulib turgan qizaloqlar, akalaridek Vatan tinchligini asrashni istagan bolakaylarning quvonchi ichiga sig‘madi, deb Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qiladi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi sport vzvodining bir guruh harbiy sportchilari bilan navbatdagi uchrashuv ham o‘ksik qalblarga iliqlik olib kirdi. Rustam Jangabayev singari Osiyo chempionlari bilan suhbat, sportchilarning yuksak marralarga erishish sirlari haqidagi ma’ruzalar yoshlarga ruhiy quvvat, kelajakka ishonch tuyg‘ularini olovlantirdi.
Bolakaylar sportchilarni Mehribonlik uyidagi yosh ijodkorlar klubi, sport va informatika to‘garaklariga samimiyat bilan taklif etib, san’atga, zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalariga qiziqishini ko‘rsatdi. Ayniqsa, sport zalidagi mashqlar orqali bolajonlar harbiy akalaridek sog‘lom turmush tarzini tanlab, yetuk sportchi bo‘lib voyaga yetishayotganini isbotlashdi.
Sport anjomlari va kitoblar to‘plamlarini sovg‘a tariqasida olib kelgan harbiy sportchilar bolajonlar o‘rtasida kichik viktorina o‘tkazib, g‘olib va sovrindorlarni rag‘batlantirdi.
Sportchilar ketar chog‘i bolajonlar tomonidan ijro etilgan musiqiy chiqishlar hamda raqslar mehmonlarni xushnud etdi.
Izoh (0)