2019-yil yanvar-iyun oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston jahonning 166 dan ortiq mamlakatlari bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib Spot xabar beradi.
Xususan, tashqi savdo aylanmasi 19,6 mlrd AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 29,8 foizga o‘sdi. Eksport hajmi 8,4 mlrd AQSh dollariga (o‘sish sur’ati 27,0 %) va import hajmi 14,2 mlrd AQSh dollariga (o‘sish sur’ati 32,0 %) yetdi. Tashqi savdo saldosi minus 2,8 mlrd AQSh dollarini tashkil qildi.
Eksport tarkibida tovarlar 81,5 foiz ulushga ega bo‘lib, bular asosan energiya manbalari va neft mahsulotlari (16,8 %), oziq-ovqat mahsulotlari (9,4 %), to‘qimachilik va to‘qimachilik buyumlari (9,1 %), rangli metallar va undan tayyorlangan buyumlar (5,8 %) hamda qora metallar va undan tayyorlangan buyumlar (1,7 %) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Oltin hajmini hisobga olmagan holda, jami tovar va xizmatlar eksporti 6,3 mlrd AQSh dollarini tashkil etib, 24,7 foizga o‘sdi.
Eksport qilinayotgan tovar va xizmatlarning asosiy qismi Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Qirg‘iziston, Afg‘oniston va Tojikiston hissasiga to‘g‘ri keladi.
Import tarkibida eng katta ulush mashina va asbob-uskunalar hamda ularning qismlari (43,6 %), kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar (13,3 %) hamda oziq-ovqat mahsulotlari (8,2 %) hisobiga to‘g‘ri keldi.
Import qilingan tovarlar hajmi, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,6 mlrd AQSh dollaridan ko‘p import qilindi va 10,1 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Xizmatlar importi esa 1 mlrd AQSh dollariga yetgan.
Respublikaga 144 dan ortiq xorijiy davlatlardan tovar va xizmatlar importi amalga oshirilgan. Shulardan 7 ta eng yirik bo‘lgan Xitoy, Rossiya, Koreya, Qozog‘iston, Turkiya, Germaniya va AQSh hamkor davlatlaridan jami import hajmi 7 mlrd AQSh dollariga teng. Bu esa umumiy import hajmining 69,1 foizini tashkil qiladi.
Izoh (0)