2019-yilning 19-iyul kuni AQShda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) administratori Mark Grin bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qiladi.
Muzokaralarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun istiqbolli yo‘nalishlar yuzasidan batafsil fikr almashildi, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida mustahkam ko‘p qirrali hamkorlik nuqtai nazaridan Agentlik bilan samarali aloqalarning ustuvor jihatlari muhokama qilindi.
Mark Grin Agentlikning O‘zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikka va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.
Mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsion-texnologik aloqalarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Ta’lim sohasiga yo‘naltirilgan investitsiyalar eng katta unum keltirishi ta’kidlandi.
“Ta’lim sohasiga sarmoya kiritib, siz kelajak urug‘ini ekasiz, chunki munosib ta’limsiz dunyodagi tobora kuchayib borayotgan raqobatga dosh berish imkonsiz”, – dedi USAID administratori.
Agentlik rahbariga O‘zbekistonning 5 yillik rivojlanish strategiyasining asosiy qoidalari, AQShning qator davlat idoralarida o‘tkazilgan delegatsiya muzokaralari natijalari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra O‘zbekiston va Vashington shahridagi USAID bosh qarorgohi o‘rtasida turli darajalarda aloqalarni jadal kengaytirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Izoh (0)