Qibraylik Mirali Choriyev harakatchan, bir ishning boshini tutdimi, oxiriga yetmaguncha qo‘ymaydigan bilimli, zehnli inson bo‘lgan. Turli sohalarda samarali ishlab hurmat-e’tibor topdi. Mirali akani bilganlar Sharofat opaning tarbiyasini olganda, deya uning sha’niga iliq gaplar aytishardi. Uning oiladagi o‘rni, farzandining kamoliga qarab bir havas qilsalar, ishga, g‘ayratiga, odamlarga bo‘lgan samimiy muomalasi-yu, jamiyatda tutgan o‘rniga yana bir havas qiladilar. Biroq, ular ortidagi mas’uliyat, mehnat va mashaqqatlar uning yolg‘iz o‘zigagina ayon. U turmush o‘rtog‘i bilan uzoq yillar birga ahillikda turmush kechirishdi. To‘satdan kelgan o‘lim Mirali akaning turmush o‘rtog‘idan bevaqt ayirdi. Musibatli kunlarning yuki og‘ir bo‘larkan. U sabrdan to‘n kiyib, turmush o‘rtog‘iga bo‘lgan sadoqati bilan yillarni o‘tkazdi. Sharofat ona o‘g‘li bilan birgalikda uch nafar nabirasining kemtik qalbiga malham bo‘ldi. Ayoli olamdan o‘tganda kichik farzandi juda yosh edi.

Foto: IIV Malaka oshirish instituti
matbuot xizmati

Ayolining vafotidan keyin uch marotaba insultni boshidan o‘tkazgan va nogiron bo‘lib qolgan M.Choriyev gapira olmasa-da, xonadoniga tashrif buyurgan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlarini ko‘rib, xursandchiligidan ko‘ziga yosh oldi.

– Qo‘shnim bu yil 61 yoshga to‘ldi. Kasalligi tufayli nogiron bo‘lib qoldi, – deydi tumandagi “Baytqo‘rg‘on” mahallasida yashovchi Saida Isroilova. – Albatta, onasi Sharofat opa uchun farzandining baxtsizligini ko‘rishdan og‘ir azob yo‘q. Ammo, har doim davlatimizning e’tiborini his qilib turadi, mahalla-ko‘y, homiy tashkilotlar doim xabar olib turishibdi. Biz mahalla faollari Davlatimiz rahbaridan ham, ushbu tadbirni uyushtirayotgan Ichki ishlar vazirligi rahbariyatidan hamda Malaka oshirish instituti xodimlaridan ham juda minnatdormiz.

– Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning manfaatlarini himoya qilish, ularni jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi ekanligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli tadbirlar o‘tkazilmoqda, deydi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor, polkovnik Nuriddin Narmatov. – Darhaqiqat, Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘laqonli hayot kechirishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, ularga tibbiy-ijtimoiy yordam berish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha muhim Farmon va Qarorlar qabul qilindi. Birgina, “nogiron” so‘zi o‘rniga “nogironligi bo‘lgan shaxs” iborasini qo‘llash belgilangani yurtimizda inson omiliga bo‘lgan yuksak e’tiborning natijasidir.

Foto: IIV Malaka oshirish instituti
matbuot xizmati

Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazilayotgan “Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmasligi kerak” mavzusidagi ma’rifiy tadbirlar davomida hududiy ichki ishlar organlari xodimlari va keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda mahallalarda istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan fuqarolar, yakka yolg‘iz keksa avlod vakillarining holidan xabar olinyapti.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar, keksalar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlash, turmush darajasini oshirish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish, og‘irini yengil qilish, hayotdan rozi bo‘lib yashashiga ko‘maklashish har birimizning insoniy burchimizdir.

Foto: IIV Malaka oshirish instituti
matbuot xizmati

– Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumani “Ahillik” mahallasida yashovchi Dmitriy Kuznevskiy 3 yoshligida meningit tufayli “kar-soqovlik”ni orttirib olgan, – deydi biz bilan suhbatda uning qo‘shnisi Ilmira O‘tayeva.

Onasining vafoti uni tushkunlikka tushirib qo‘ydi. Dmitriy va uning turmush o‘rtog‘i gapira va eshita olmasa-da, eshigini taqillatib kelgan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlarini ko‘rib, xursand bo‘lishdi.

Suhbat jarayonida ushbu oila imo-ishora orqali har doim davlatimizning e’tiborini his qilib turishlarini, mahalla-ko‘y, homiy tashkilotlar doimo xabar olib turganliklarini tushuntirishga harakat qildi.

– Mahallamizda 3024 nafardan ziyod turli millat vakillari ahil-inoqlikda istiqomat qilib kelishmoqda, – deydi “Ahillik” mahallasi 99-militsiya tayanch punkti profilaktika inspektori, katta leytenant Sardor Gainazarov. – Huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida joylarda o‘tkazilayotgan ushbu targ‘ibot-tushuntirish ishlari muhim ahamiyat kasb etadi. Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazilgan mazkur uchrashuv ham samarali bo‘ldi. Fuqarolarimiz o‘zlarini qiziqtirgan savollariga to‘laqonli javoblar oldi.

Foto: IIV Malaka oshirish instituti
matbuot xizmati

Shuningdek, bag‘rikenglik va saxovatpeshalik qon-qoniga singib ketgan Institut jamoasining mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, imkoniyati cheklangan Namangan shahri “Qadamjo” mahallasida yashovchi, 1945-yilda tug‘ilgan B.Bonnaboyev, Toshloq tumani “Furqat” mahallasi yashovchi, 1958-yilda M.Rizaqulova, Namangan tumani “Kichik Toshbuloq” mahallasi yashovchi, kam ta’minlangan, yakka-yolg‘iz D.Djaloliddinovlar kabi o‘nlab oilalarning xonadonlariga borilib, g‘amxo‘rlik ko‘rsatilgani e’tirofga loyiqdir.

Zero, bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga xursandchilik kiritish naqadar savobli, shu bilan bu ezgu ishlarni qilgan kishining ko‘ngli ham shod bo‘lgay.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati