Xabaringiz bor, 2018-yil 29-oktabrda va shu yilning 10-mart sanasida Boeing 737 Max seriyasidagi samolyotlar bilan sodir bo‘lgan ikki yirik aviahalokat tufayli jami 354 kishi qurbon bo‘lgan edi. O‘sha ikki fojia orasida o‘xshashlik borligi va buning sababi samolyot konstruksiyasidagi xatolik bo‘lishi mumkin ekani haqidagi xabarlar paydo bo‘lganiga ham ancha bo‘lib qoldi.
Shu kunlarda Bloomberg e’lon qilgan xabarga ko‘ra, mazkur fojia sabablaridan eng kattasi kompaniya xo‘jayinlarining ziqnaligi bo‘lib, ular samolyotlar boshqaruvini ta’minlovchi dasturiy ta’minotni yaratishga sarflangan ish haqi xarajatlaridan tejash evaziga chiqimlarni qisqartirmoqchi bo‘lgan. Bu maqsadda kompaniya avvaldan ishlab kelgan malakali dasturchi muhandislarni ishdan bo‘shatib yuborgan; aynan 737 Max uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqish masalasi esa autsorsingga – Hindistondagi HCL Technologies Ltd. nomli pudratchiga yuklatilgan.
Eng achinarlisi, mazkur dasturiy ta’minot samolyotning qandaydir ikkilamchi jihatlarini emas, balki eng asosiy qismi – rul boshqaruvi va dumni boshqarishga mo‘ljallangan MCAS (Maneuvering Characteristics Augmentation System) tizimi hamda tangaj tizimi uchun javobgar bo‘lgan. Ma’lumot uchun: tangaj – gorizontal o‘qqa nisbatan burchak harakatini boshqarish tizimi bo‘lib, ayniqsa, 737 Max konstruksiyasi ushbu tizimga muhtojdir. Chunki uchish vaqtida bu samolyotlarning tumshug‘i yuqoriga ko‘tarilib ketadi va tizim bu holatni gorizontga nisbatan mutanosiblab turishi shart. Efiopiyada sodir bo‘lgan halokat vaqtida ham guvohlar samolyot bir necha marta havoda shunday keskin harakat qilgani, ya’ni tumshug‘i keskin ko‘tarilib, keyin yana pastlab, bir necha marta sho‘ng‘iganini ta’kidlagan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, hind pudratchisi ham, o‘z navbatida, mablag‘dan yanada iqtisod qilish maqsadida vazifani dasturlash malakasiga ega mutaxassislarga emas, balki yaqindagina kollejni bitirgan, hech qanday tajribaga ega bo‘lmagan, shu sababli arzon-garovga ham ishlayveradigan yosh bolalar qo‘liga topshirgan. Yanada aniqroq qilib aytsak, hind pudratchisi ushbu g‘oyat mas’uliyatli ish uchun kollej bitiruvchilarini yollanma ishchi sifatida jalb qilib, soatiga atigi 9 dollar ish haqi evaziga dasturni bitirib, Boeing’ga topshirgan.
Natijada Boeing’ning ziqna xo‘jayinlari maqsadga erishdi. Dasturiy ta’minot haqiqatan ham boshqa samolyotlarnikidan to‘rt barobar arzonga tushdi. Lekin bu arzon ishning bahosi, yuqorida aytilganidek, 354 kishining umriga zomin bo‘lgan ikkita aviahalokat va yana bir necha marta sodir bo‘lgan katta-kichik nosozliklar bo‘ldi. Xalqimizdagi “arzonning sho‘rvasi tatimas” iborasi bejiz aytilmagan harqalay...
Muzaffar Qosimov
Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)